«Paxtakor» hayron qildirishi mumkin – Alisher Nikimbayev «Al-Garafa»ga qarshi oʻyin haqida

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Uchrashuv bugun bo‘lib o‘tadi
Foto: «Paxtakor»

Bugun, 4-fevral kuni Elit chempionlar ligasi yettinchi tur doirasida Toshkentning «Paxtakor» jamoasi Dohada Qatarning «Al-Garafa» klubi mehmoni boʻladi. Kursiv Uzbekistan mazkur uchrashuv haqida futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev bilan suhbatlashdi.

«Yanvar oyida Qatar chempionatida davra oʻyinlari boshlandi. “Al-Garafa» allaqachon bir nechta oʻyin oʻtkazishga ulgurdi va kuchli toʻrtlikdan joy olib turibdi. Jamoa keyingi yilgi Elit chempionlar ligasida ishtirok etish uchun yaxshi imkoniyatlarga ega. «Paxtakor» esa hozirda yangi mavsumga tayyorgarlik koʻrmoqda. Soʻnggi rasmiy oʻyinni dekabr oyida oʻtkazgan. Oʻrtoqlik oʻyinlari orqali jamoaga xolis baho berish qiyin, lekin jamoaning yana gol ura olmasligi xavotirga solmoqda. Shundan kelib chiqib «Al-Garafa»ning imkoniyatlari balanddek koʻrinmoqda”, – dedi Nikimbayev.

Uning ta’kidlashicha, bu ustunlik qatarliklar uchun yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. «Paxtakor» «Al-Garafa»ning oʻyin uslubini biladi, chunki ularning soʻnggi uchrashuvlarini tahlil qilish imkoniyatiga ega boʻlgan. Raqib esa bunday imkoniyatga ega boʻlmagan.

«Shuning uchun “Paxtakor» hayratda qoldirishi mumkin, ammo « Al-Garafa» haqida bunday deb boʻlmaydi”, – deydi mutaxassis.

«Oʻyinga ikkala jamoaning ham motivatsiyasi bir xil, sababi ikkalasiga ham gʻalaba qozonish muhim. Gʻalaba hech narsani kafolatlamasa-da, imkoniyatlarni sezilarli darajada oshiradi. Men “Paxtakor» magʻlubiyatga uchramasligiga umid qilaman, biroq bunga erishish uchun murabbiy juda jiddiy saʼy-harakat qilishi lozim”, – deya ta’kidladi mutaxassis.

Oltinchi turdan soʻng «Paxtakor» va «Al-Garafa» bir xil – toʻrt ochkodan jamgʻarib, guruhda toʻqqizinchi va oʻninchi oʻrinlarni egallab turibdi.

Eslatib oʻtamiz, uchrashuv bugun, 4-fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da boshlanadi.

Shuningdek