O‘zbekiston prezidentining yangi qaroriga muvofiq, 2025-yil 1-martdan boshlab nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida yo‘lga qo‘yiladigan tizim 2025-yil 1-oktabrgacha respublikaning barcha hududlarida amalga oshiriladi. Xizmat davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi va 3-yoshdan 18-yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan.
Nogironligi bo‘lgan bolalar kunduzgi parvarish xizmatiga ota-onalar va «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari o‘rtasida tuziladigan shartnoma hamda psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyaning xulosasi asosida qabul qilinadi.
Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida quyidagi tartib joriy etiladi:
- 3-yoshdan 7-yoshgacha bo‘lgan har bir bola uchun kunduzgi parvarish xizmatidan foydalanilgan har bir kun uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi subsidiya ajratiladi.
- 7-yoshdan 18-yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun esa bu miqdor 27 foiz etib belgilangan.
- Toshkent, Nukus va viloyat markazlarida subsidiya 1,1 koeffitsiyent bilan ko‘paytiriladi.
- Kambag‘al oilalar reyestrida bo‘lgan oilalarning nogironligi bo‘lgan bolalari uchun subsidiya qo‘shimcha 30 foizga oshiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent shahridagi ehtiyojmand oilalarga hamshiralik xizmati taklif etilishi haqida xabar bergan edi.