![](https://cdn-uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/02/image-385-1024x580.png)
Jurnalist Ketrin Bennet Buxorodagi shiddat bilan rivojlanayotgan turizmning aholi va shahar madaniy merosiga keltiradigan xavflari haqida sanab o‘tdi. Maqola BBC saytida e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, Buxoroga safar chog‘ida arxitektorlar va biznes vakillari bilan muloqotda jurnalist turizmning rivojlanishi haqida turli qarama-qarshi fikrlarga duch keldi. Ba’zi suhbatdoshlar iqtisodiy manfaat, infratuzilma yaxshilanishi va ish o‘rinlari yaratilishi haqida gapirgan bo‘lsa, boshqalar jiddiy xavflarga e’tibor qaratdi.
Ismini oshkor etishni istamagan buxorolik arxitektor vaqt o‘tishi bilan shahar «cho‘ldagi Venetsiyaga» aylanishidan xavotirda. Uning fikriga ko‘ra, sayyohlar oqimi ortishi mahalliy aholiga jiddiy muammo tug‘diradi.
O‘zbekiston merosini himoya qilish assotsiatsiyasining a’zosi Svetlana Gorshenina mamlakatda ko‘p yillardan buyon mahalliy aholini markazlardan ko‘chirish jarayoni davom etayotganini ta’kidlaydi. Bu hududlar turistik ehtiyojlar uchun moslashtirilmoqda va ko‘pincha aholi hayotining o‘ziga xos tartibi buzilmoqda.
Alerte Heritage assotsiatsiyasi «Eternal Bukhara» turistik klasterini qurishga qarshi. Assotsiatsiya loyihaning mualliflari va shahar hokimiyati aholi bilan maslahatlashmaganini hamda ularning ehtiyojlarini hisobga olmaganini ta’kidlamoqda. Shuningdek, turistik klaster qurish uchun 1980-yillarga oid qimmatli arxitektura yodgorliklari ham buzib tashlangan.
Jurnalistning suhbatdoshlaridan yana biri hozirda O‘zbekistonda sovet davridagi xatolarga yo‘l qo‘yilayotganini ta’kidladi:
«Sovet Ittifoqi ko‘plab meroslarni yo‘qotib, o‘zining izlarini qoldirish maqsadida uni sovet binolari bilan almashtirdi. Bu buzish an’anasining bizning qonimizda qolganini afsus bilan aytishim kerak», – dedi suhbatdosh.
Biroq «Enter Engineering» kompaniyasining bosh direktor o‘rinbosari Rustam Xaydarov bunday fikrlarga qo‘shilmadi. U jurnalistga «Eternal Bukhara» klasterini qurishni qisman ijtimoiy loyiha deb hisoblashini aytdi. Kompleks 15 mingdan ortiq ish o‘rinlarini yaratadi va uning infratuzilmasidan nafaqat sayyohlar, balki shahar aholisi ham foydalanishi mumkin.
Xaydarov qurilish ishlarida shahar imiji va UNESCO talablariga jiddiy yondashayotganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonga bu yil 12 mln xorijlik tashrif buyurishi kutilayotgani haqida yozgan edik.