
Apple Indoneziya hukumati bilan iPhone 16 sotuviga qoʻyilgan taqiqni bekor qilish boʻyicha kelishuvga erishdi. Ushbu taqiq oʻtgan yilning oktabr oyidan beri amalda edi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yaqin kunlarda kompaniya va Indoneziya Sanoat vazirligi oʻzaro anglashuv memorandumini imzolashi kutilmoqda. Bitim doirasida Apple mamlakat iqtisodiyotiga $1 milliard sarmoya kiritish va mahalliy mutaxassislarni raqobatbardosh dasturiy va apparat ta’minotini ishlab chiqish uchun oʻqitishga koʻmaklashishni zimmasiga oladi.
Mutaxassislarning fikriga koʻra, Indoneziya bozori Apple uchun hamon muhim ahamiyatga ega. Bu mamlakat 278 million aholiga ega boʻlib, ularning yarmidan koʻpi 44 yoshdan kichik va texnologik yangiliklarga qiziquvchan. Shu bois mamlakat mintaqada Apple biznesini yuritish uchun jiddiy bozor salohiyatini taqdim etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple AQShdagi innovatsiya va ishlab chiqarishga $500 mlrdlik yirik sarmoya kirishi haqida xabar bergan edi.