
Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif 25-26-fevral kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bo‘lajak oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, transport bog‘liqligini kuchaytirish va tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yengil va charm sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, elektrotexnika va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalari o‘rin olgan.
Madaniy-gumanitar va turizm aloqalarini faollashtirish masalalari ham ko‘rib chiqiladi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi.
Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida ikki davlat yetakchilari O‘zbekiston – Pokiston qo‘shma biznes forumida ham ishtirok etadilar.
Statistika agentligi bergan ma’lumotga koʻra, 2024- yilda O‘zbekiston Pokistonda eksport qilingan tovarlar hajmi salkam $300 mln.ga yetgan edi. Bu ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan 11,2 foizga ko‘p.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi $1 mlrd.ga yetkazish maqsad qilingani haqida yozgan edi.