Yangiliklar

Sirdaryoga $5 mlrdlik investitsiya jalb qilinadi

Xizmat ko‘rsatish sektori bo‘yicha viloyat respublikada eng past ko‘rsatkichga ega
Foto: haydmitriy / www.depositphotos.com

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-fevral kuni Sirdaryo viloyatini iqtisodiy rivojlantirish, investitsiyalarni ko‘paytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha 2025-yilgi rejalarni muhokama qildi. Yangi rejaga ko‘ra, Sirdaryoda 900 gektar yer maydonida sanoat zonalari tashkil qilinib, $5 mlrd investitsiya jalb etilishi va 20 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Keyingi yillarda viloyatda energetika, qurilish va tadbirkorlik rivojlantirilgan bo‘lsa-da, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalari orqada qolmoqda. Xizmat ko‘rsatish sektori bo‘yicha Sirdaryo respublikada eng past ko‘rsatkichga ega bo‘lib, viloyatda 22 ming fuqaro ishsiz, kambag‘allik darajasi esa 11 foizdan yuqori.

Ushbu loyihalar Sirdaryo, Shirin, Boyovut, Xovos, Mirzaobod, Guliston, Oqoltin va Sardoba tumanlarida amalga oshiriladi. Viloyat xalqaro avtomagistrallar kesishmasida joylashgani sababli yo‘l bo‘ylarida savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Shu bois 500 ming kvadrat metr maydonda savdo-servis obyektlari tashkil etilib, 50 ming kishini ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish doirasida kartoshka, piyoz, maymunjon, qorag‘at va olcha ekin maydonlari kengaytiriladi. Shuningdek, 38 ming gektar yerda qayta ishlovchi va eksport bilan shug‘ullanuvchi korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Sholichilik sohasi ham qo‘llab-quvvatlanib, past rentabelli 25 ming gektar maydon sholi yetishtirishga o‘tkaziladi va mahsulotning 50 foizini eksport qilishga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, viloyatda ellik yildan oshgan mingdan ziyod eski uylar o‘rnida 15 ming xonadonli zamonaviy uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu jarayonni jadallashtirish uchun developerlarga soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etiladi. Shuningdek, yo‘l, elektr, uy-joy, irrigatsiya, bog‘cha, maktab va boshqa ijtimoiy infratuzilmalarni yaxshilash uchun $100 mln ajratiladi. Guliston shahrini ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasiga mablag‘ ajratilib, ishlarni 2025-yil 1-iyulgacha yakunlash belgilandi.

Umuman olganda, ushbu rejalarning amalga oshirilishi natijasida viloyatga $2 mlrd investitsiya jalb qilinishi, eksport hajmini $500 mlnga yetkazish va 16 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sirdaryoda WULING N111 mikrovenlarini ishlab chiqarish boshlangani haqida xabar bergan edi.