«Krasniy Kit» savdo markazida Oʻzbekistonda tug‘ilgan fuqaro oʻt ochgani aytilmoqda

Moskva viloyatining Mitishchi shahrida joylashgan «Krasniy Kit» savdo markazida otishma sodir boʻldi. Voqea joyida uch kishi yaralandi. «Agentlik» nashriga koʻra, holat Oʻzbekistonning Toshkent viloyatida tugʻilgan 24 yoshli Danil Potexin tufayli sodir boʻlgan.
Huquq tartibot xodimlarining ma’lumotlariga koʻra, Potexin 2000-yilda Yangiyoʻl shahrida tugʻilgan. U 2019-yildan buyon Rossiya Federatsiyasi fuqarosi sanaladi. Gumondor 11 yoshidan beri Rossiya Federatsiyasining Vladimir viloyatida yashagan.
Huquq-tartibot idoralari xabar berishicha, otishmaga sabab doʻkonga kelganlardan birining ichkariga kiritilmagani boʻlgan. U avvaliga qoʻriqchilarga qalampir gazi sepgan. Oradan biroz vaqt oʻtib u travmatik toʻpponcha bilan qaytgan. Voqea joyida uch kishi jarohatlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri fevral oyi boshida Shvetsiyadagi ta’lim markazida bir kishi oʻn kishini otib tashlaganini yozgan edi.