Yangiliklar

Kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestri tuziladi

Shaxsning xabarisiz kredit rasmiylashtirishning oldi olinadi
Foto: Coindesk

«Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Yangi tartibga ko‘ra, kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestri joriy etiladi. Bu reyestr kredit bitimi tuzishi mumkin bo‘lmagan jismoniy shaxslar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi va kredit byurolari tomonidan yuritiladi.

Markaziy bank ushbu reyestr yuritish tartibini belgilaydi hamda kredit byurolari uchun ustav kapitalining eng kam miqdori 2 mlrd so‘m etib belgilanadi.

Shuningdek, Markaziy bank kredit byurolariga nisbatan qonunbuzarliklar aniqlansa, jarima va boshqa choralarni qo‘llash huquqiga ega. Bunga kredit axboroti almashinuvi qoidalariga rioya qilmaslik, iste’molchilar huquqlarini buzish yoki litsenziyani qalbakilashtirish kabi holatlar kiradi.

Endilikda jismoniy shaxs o‘z xabarisiz kredit rasmiylashtirilishining oldini olish uchun kredit byurosiga ariza berib, o‘z nomiga kredit bitimi tuzishni taqiqlashi mumkin. Ushbu taqiqni istalgan vaqtda bekor qilish ham shaxsning ixtiyorida bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tashkil etilishi haqida yozgan edik.