Soxta eksport orqali budjetdan 24,6 mlrd soʻm oʻgʻirlagan bir guruh mansabdor shaxslarga sud hukmi oʻqildi

eʼlon qilindi
DXX
Ular soxta eksport orqali byudjetdan 24,5 milliard so‘m o‘g‘irlagan
38 nafar fuqaroga sud hukmi o‘qildi/ Foto: Pexels.com

Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimlari tomonidan olib borilgan tadbirda 17 nafar soliq, 1 nafar bojxona xodimi, 1 nafar bank xodimi, 1 nafar tuman hokimining birinchi oʻrinbosari, 18 nafar xoʻjalik yurituvchi subyektlardan iborat uyushgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi. Bu haqda davlat xizmati xabar bermoqda.

Jinoiy toʻda 2020-yildan 2023-yilgacha sakkizta soxta korxona tashkil etgan. Xorijga mebel mahsulotlarini soxta eksport qilishda roʻyxatdan oʻtkazayotganda 15% QQSni noqonuniy ravishda qaytarib bergan. Bu esa 24,6 mlrd soʻmlik budjet mablagʻlarining oʻgʻirlanishiga olib kelgan.

Jinoiy guruh faoliyatini soliq xizmatining sobiq xodimi muvofiqlashtirgan. U amalda boshqargan korxonalar Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumanida roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa-da, ularning yuridik manzillari doimiy ravishda oʻzgarib turgan.

Biznesga aloqador boʻlmagan shaxslar rasmiy menejerlar roʻyxatiga kiritilgan. E’lon qilingan faoliyat turiga qaramay korxonalarda ishlab chiqarish jarayonlari amalga oshirilmagan.

Bundan tashqari, hisobot hujjatlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar goʻyoki Qirgʻizistonga eksport qilingani koʻrsatilgan. Biroq tekshiruvlar davomida eksport operatsiyalari amalga oshirilmagani, korxonalar muhrlari qalbakilashtirilganligi, eksport shartnomalari soxta ekanligi, QQS koʻrinishidagi davlat mablagʻlari noqonuniy ravishda jinoiy guruhga qaytarilgani aniqlangan.

Ushbu holatda Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167 (Oʻzlashtirish yoki oʻzlashtirish yoʻli bilan oʻgʻirlik), 179 (Soxta tadbirkorlik), 184 (Soliqlar va yigʻimlarni toʻlashdan boʻyin tovlash), 209 (Rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish) va 228 (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, qalbakilashtirish) moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov jarayonida 6,8 mlrd soʻm davlatga qaytarildi.

Yetkazilgan zararni qoplash maqsadida xususiy tibbiyot klinikasi binosi, avtoyuvish shoxobchasi, ikkita xonadon, oltita avtomashina, shuningdek, telefon va kompyuter texnikasi kabi 6,3 mlrd soʻmlik mulklar olib qoʻyilgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tumani sudi tomonidan 38 nafar ayblanuvchidan 14 nafariga 5 yil 6 oydan 7 yil 6 oygacha boʻlgan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. 18 nafar shaxsga turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan boʻlsa-da, ularga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan, yetkazilgan zararni 2 yil ichida qoplash majburiyati bilan 3 yil sinov muddati belgilandi.

Olti nafar ayblanuvchi ikki yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Oliy sud yetti kishiga nisbatan ma’muriy javobgarlikka oid sud jarayonini yakunlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek