Roʻza tutishda salomatlik uchun qanday qoidalarga amal qilish lozim

6-mart 2025 17:03 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir
Foto: Depositphotos.com

Ramazon oyi musulmonlar uchun har bir harakatda e’tiborliroq boʻlishni talab qiladi. Tanovul, harakat va dam olishda ham sogʻlik uchun eng muhim amallarni bajarish kerak. Kursiv Uzbekistan ramazon oyini qiyinchiliksiz oʻtkazish uchun bir qator tavsiyalarni e’tiboringizga taqdim etadi.

Bu maqolada nimani bilib olasiz:

Tez yordam vrachi nima deydi

Samarqand Tez tibbiy yordam vrachi Farmon Saidmurodovning bizga ma’lum qilishicha, ro‘za mavsumida bir qator muammolar ko‘pchilikda bir xilda takrorlanadi.

«Ramazon oyida ovqat hazm qilmaslik yoki oshqozon yarasi bilan bogʻliq muammolar koʻpchilikda uchraydi. Shu oyda tez yordam chaqiruvlarining ham ko‘p qismi oshqozon bilan bog‘liq bo‘ladi. Bu kasalliklar me’yoriy iste’molning buzilishi bilan bogʻliq. Inson bir kunda har bir kilogramm uchun 25 – 30 kilokaloriya oziq-ovqat tanovul qilishi kerak. Bu koʻrsatkichning kamayishi bosh aylanishi yoki darmonsizlikni keltirib chiqarishi mumkin. Haddan tashqari koʻp iste’mol ham hazm tizimining buzilishiga olib keladi. Ramazon oyida tartib va me’yor bilan ovqatlanishi zarur», – dedi u.

Sogʻlom ovqatlanishga jiddiy e’tibor qarating

Foto: Depositphotos.com

Saharlikda iloji boricha kaloriyaga boy mahsulotlardan iborat ovqatlarni tanovul qilish kerak. Masalan, tuxum, sut bilan birgalikda kichik miqdorda yongʻoq, mayiz singari quruq mevalar iste’moli maslahat beriladi. Shuningdek, nonushta menyusiga goʻsht mahsulotlaridan tayyorlangan taomlarni ham qoʻshing. Agar 40 yoshdan yuqori boʻlsangiz 5-6 soat bir maromda qaynagan ilik va suyak shoʻrvaning suvidan ham yarim kosa miqdorida tanovul qilish mumkin. Uning tarkibidagi kalsiy va D vitamini kunlik charchoqlarni yengishga yordam beradi.

Iftorlikda yoʻqotilgan suv oʻrnini qoplash uchun mineral tabiiy suv ichish juda muhim. Iloji boricha ovqat oldidan yogʻi kam yoki mayonezsiz salat qabul qiling. Yogʻ va mayonez soxta toʻyish hissini beradi. Salat uchun pomidor, bodring, baqlajon singari tabiiy sabzavotlardan foydalaning. Iftorlik taomnomasida xamirdan foydalanishda sinchkov boʻlish tavsiya etiladi.

Jismoniy faollik va harakatlanish qoidalari

Foto: Depositphotos.com

Roʻza tutgan kishi boshqa oylarga nisbatan kamharakat boʻlgani maqsadga muvofiq. Buning bir qator oʻziga xos sabablari bor.

Agar siz doimiy sport bilan shugʻillansangiz bu mashgʻulotni kechda uzogʻi bilan 40 daqiqa amalga oshiring. Roʻza tutgan odamning serharakat boʻlishi suvsizlanish, charchash kabi muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Kechki badantarbiyaning haddan ortigʻi uyqu ritmini buzilishiga olib keladi.

Bir maromdagi uyqu tartibini joriy qilish

Foto: Depositphotos.com

Koʻpchilik ramazon oyida uyquga toʻymaslik, charchashdan shikoyat qiladi. Toʻgʻri, tungi soat 4:00 uygʻonish aqliy faoliyatga ta’sir koʻrsatadi. Ammo buning ham oʻz yechimlari bor. Ertaroq uxlashga harakat qiling. Tushlik vaqtida ham dam oling. Hamkasb yoki hamrohlaringiz tanovul qilayotgan paytida miyani musiqa yoki oʻzingizga yoqadigan odat bilan chalgʻiting.

Tungi uyquda iloji boricha toza va 25 darajagacha boʻlgan xonani tanlang. Haddan tashqari issiq yoki havo aylanishi qiyin joydagi hordiq unchalik ham toʻyimli boʻlmaydi.

Ramazonda qanday amallarni bajarish tavsiya etilmaydi

Foto: Depositphotos.com
  • Saharlikda shoʻr, achchiq , yogʻli taomlardan saqlaning. Bular ortiqcha suvsizlanishga sabab boʻladi.
  • Saharlikda haddan koʻp ovqat iste’mol qilmang. Hazm qilish tizimida muammo kelib chiqishi mumkin.
  • Ogʻizni gazli, energetik yoki tarkibida kimyoviy moddalar mavjud ichimliklar bilan ochmang. Bular oshqozon faoliyatiga salbiy ta’sir koʻrsatadi. Shuningdek, yurak tizimida muamosi va allergiyaga moyilligi bor shaxslarda nojoʻya holatni keltirib chiqishi mumkin.

Ramazon oyida har bir harakat uchun e’tiborli boʻlish lozim. Taomlanish yoki tibbiy masalalarda mutaxassisga murojaat qilishni unutmang.

Eslatib oʻtamiz, Kursiv Uzbekistan uzrli hollarda roʻza tutmaydigan qatlam haqida maqola e’lon qilgan edi.

Shuningdek