O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida erkin savdo rejimi joriy etildi

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida erkin savdo rejimi 2025-yil 25-fevraldan rasmiy ravishda kuchga kirdi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lum qildi.
Mazkur tartib 2024-yil 16-iyulda imzolangan bayonnoma asosida joriy qilindi. Hujjat O‘zbekiston prezidentining 2025-yil 27-yanvardagi PQ-29-son qarori bilan tasdiqlandi.
«Rejimning joriy etilishi natijasida ayrim turdagi mahsulotlardan tashqari ikki mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan bojxona bojlari bekor qilinib, o‘zaro tovarlar savdosidagi mavjud cheklovlar bartaraf etildi va savdo tartibotlari soddalashtirildi», – deb xabar qildi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi.
Masalan, Turkmanistonga olib kirilayotgan mahalliy sement mahsulotlari, to‘qimachilik matolari, mebel, shisha idishlar, kolbasa va go‘sht mahsulotlari hamda paxta yog‘iga bojxona to‘lovlari bekor qilindi.
Qayd etilishicha, 2024-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi $1,14 mlrdni tashkil etib, avvalgi yilga nisbatan 5,5 foizga oshgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 27-yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qilgani haqida yozgan edi.