
O‘zbekistonda chiqindi xizmatlari uchun qarzdorlik mavjud bo‘lsa, elektr energiyasi uchun to‘lovlar vaqtincha cheklanadi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bu yangi tartib 2025-yil 7-martdagi 1044-sonli qonun asosida joriy etildi. Qonunga muvofiq, chiqindi xizmatlari uchun qarzdor iste’molchilar SMS orqali ogohlantiriladi. Agar qarzdorlik besh kun ichida bartaraf etilmasa, ular elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshira olmaydi. Qarzdorlik to‘langanidan so‘ng cheklov avtomatik ravishda bekor qilinadi.
Ushbu chora-tadbirlar chiqindi xizmatlari uchun to‘lov intizomini mustahkamlash va qarzdorlikni kamaytirishga qaratilgan. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tib kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida chiqindi yigʻimi narxlari oshgan edi.