
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi vakillari Rostov-Don shahar Transport departamenti va yirik transport kompaniyalari rahbarlari bilan mehnat migratsiyasi borasida muzokaralar olib bordi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Rossiya tomoni shahar transport tizimi va ish sharoitlari haqida ma’lumot berib, avtobus haydovchilarining yetishmovchiligi 40 foizga yetganini ta’kidladi.
Hozirda 100 nafar «D» toifali haydovchini ishga olish rejalashtirilmoqda. Rossiya vakillari o‘zbekistonlik haydovchilarga ijobiy baho berib, ularni bo‘sh ish o‘rinlariga jalb qilishga tayyor ekanini bildirdi. Tomonlar mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Koreyaning Samsung kemasozlik zavodi oʻzbekistonliklarni ishga taklif qilgan edi.