
Consumer Reports nashri 2025-yil uchun dunyoning eng ishonchli avtomobil ishlab chiqaruvchilari reytingini e’lon qildi. Yillar davomida ushbu ro‘yxatning yuqori pog‘onalarini Toyota va Lexus egallab kelgan bo‘lsa, bu yil Subaru birinchi o‘ringa ko‘tarilib, ishonchlilik bo‘yicha yetakchiga aylandi.
Reyting 2000-2025-yillar oralig‘ida 300 mingdan ortiq avtomobil egalari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida shakllantirilgan. Tahlilda so‘nggi 12 oy ichida sodir bo‘lgan nosozliklar, ularning jiddiylik darajasi hamda ta’mirlash xarajatlari inobatga olingan.

Subaru yangi yetakchi bo‘ldi
Subaru avtomobillarining mustahkamligi va uzoq xizmat qilish muddati ushbu natijaga erishishga yordam berdi. Ayniqsa, Forester va Impreza modellari yuqori ishonchlilik darajasini namoyish etgan. Bundan tashqari, Crosstrek, Legacy, Outback va Ascent modellari ham barqaror ishlashi bilan ajralib turdi.
Consumer Reports avtomobil tahlilchisi Stiven Elek reyting natijalarini sharhlab, Subaru avtomobillarida ishonchli komponentlar va texnologiyalar qo‘llanilishini ta’kidladi:
«Subaru avtomobilni qayta loyihalashtirganda, o‘zgarishlarni bosqichma-bosqich amalga oshiradi va ishonchli tizimlarni saqlab qoladi. Bu esa yangi nosozliklar paydo bo‘lish xavfini kamaytiradi.»
Chevrolet va Tesla past pog‘onalarda qolmoqda
Ro‘yxatda Chevrolet 16-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Tesla undan bir pog‘ona past – 17-o‘rinda qayd etildi. Elektr avtomobillar orasida esa Tesla hali ham muammolar darajasi yuqoriligi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, avtomatlashtirilgan tizimlar va kuzov sifati borasida shikoyatlar ko‘pligi ta’kidlangan.
2025-yilgi eng ishonchli avtomobil brendlari ro‘yxati yana bir bor yapon ishlab chiqaruvchilarining yetakchiligini tasdiqladi. Subaru, Lexus va Toyota eng yuqori ballarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Audi va BMW kabi nemis brendlari ham yuqori natijalarga erishdi. Biroq Chevrolet, Tesla va Rivian ishonchlilik bo‘yicha past baholandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoyning qaysi elektromobillari eng ishonchli hisonlanishi haqida xabar bergan edi.