Gruziya sudi Mixail Saakashviliga to‘qqiz yil qamoq jazosi berdi

Tbilisi shahar sudi Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvilini davlat mablag‘larini talon-toroj qilishda aybdor deb topib, uni to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda Mtavari TV xabar berdi.
Sudya Badri Kochlamazashvilining ma’lum qilishicha, bu ish bo‘yicha sobiq Davlat xavfsizlik xizmati rahbari Teymuraz Janashiya ham sudlangan va unga 300 ming lari (taxminan $110 ming) miqdorida jarima belgilangan. Ayblanuvchilar davlat budjetidan 9 mln lari (taxminan $2 mln) o‘zlashtirishda ayblangan.
Tbilisidagi Vivamed klinikasidan videokonferensiya orqali sud jarayonida qatnashgan Saakashvili sog‘lig‘i sababli hukmni kechiktirishni so‘radi, ammo sud bu iltimosni rad etdi. Sobiq prezident o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni inkor etib, jarayonni siyosiy ta’qib deb atadi.
Ma’lumot uchun, Saakashvili 2021-yil 29-sentabr kuni yashirincha Gruziyaga qaytgan va 1-oktabrda Tbilisida qo‘lga olinib, qamoqxonaga joylashtirilgan. Hibsga olinishidan so‘ng u ochlik e’lon qilgan va keyinchalik sog‘lig‘i yomonlashgani sababli bir nechta shifoxonalarga ko‘chirilgan. 2022-yil may oyidan beri u Tbilisidagi Vivamed klinikasida davolanmoqda.
Oldinroq Saakashvili olti yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Mtavari TV xabariga ko‘ra, yangi hukm uning qamoq muddatini yana uch yilga uzaytirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Gruziya parlamentida Mixail Kavelashvilining inauguratsiya marosimi boʻlib oʻtgani haqida yozgandi.