
Toshkent shahar sudi sobiq deputat Qobil Dusovga nisbatan chiqarilgan sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudining 2025-yil 24-yanvardagi qarori apellyatsiya bosqichida ham o‘z kuchida qoldirildi. Dusov Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi «a» bandi bo‘yicha aybdor deb topilgan. Unga dastlab bir yil-u ikki oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi.
Yashnobod tumani IIO FMB Probatsiya bo‘limi Dusov belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilmaganini bildirgan. Unga kech soat 21:00 dan ertalab 07:00 gacha yashash joyidan chiqish taqiqlangan, internetdan foydalanish va ommaviy tadbirlarda qatnashish cheklovlari qo‘yilgandi. Shunga qaramay u cheklovlarni buzgan, internetdan foydalanishda davom etgan.
11 va 24-yanvar kunlari intizomiy jazo tariqasida ogohlantirish berilishiga qaramasdan, u tartibga amal qilmagan. Shu sababli, sud tomonidan sobiq deputatning ozodlikni cheklash jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Gruziya sudi Mixail Saakashviliga to‘qqiz yil qamoq jazosi bergani haqida yozgandi.