Kanada AQSh bojlari boʻyicha JSTga shikoyat qildi

eʼlon qilindi
Bu haqda 13-mart kuni JST ma’lum qildi
Foto: Salvatore Di Nolfi/picture alliance/KEYSTONE

Kanada AQShning poʻlat va alyuminiy importiga qoʻshimcha tariflar joriy etgani sababli Jahon savdo tashkilotiga (JST) shikoyat qildi. Bu haqda 13-mart kuni JST malum qildi.

JST saytida e’lon qilingan ma’lumotga koʻra, Kanada AQSh bilan tariflar boʻyicha kelishmovchilikni muhokama qilish uchun rasmiy maslahatlashuv oʻtkazishni talab etgan. Ottavaning fikricha, Vashington tomonidan joriy etilgan yangi bojlar 1994-yilda qabul qilingan tariflar va savdo boʻyicha bosh kelishuv (GATT) majburiyatlariga zid hisoblanadi.

11-mart kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Kanada poʻlat va alyuminiyiga bojlarni 25 foiz dan 50 foizga oshirdi. U buni Kanadadan AQShga yetkazilayotgan elektr energiyasi narxining oshishiga javob deb atadi.

«Men savdo vaziriga Kanada poʻlat va alyuminiyiga qoʻshimcha 25 foiz boj joriy etishni buyurdim», – deb yozdi Tramp Truth Socialʼda.

Shuningdek, u Ottavadan AQSh sut mahsulotlariga qoʻllanilayotgan 250 – 390 foizlik tariflarni bekor qilishni talab qildi.

13-mart kuni Donald Tramp Yevropa Ittifoqi AQSh mahsulotlariga joriy qilgan bojlar sababli Yevropa vinosi, shampan, viski va boshqa ichimliklarga 200 foiz boj qoʻyish bilan tahdid qildi.

Fransiya savdo vaziri Loran Sen-Marten YI Trampning tahdidlariga bo‘ysunmasligini aytdi, Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen esa Ittifoq o‘z manfaatlarini himoya qilishini ta’kidladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 20-martdan boshlab Xitoy Kanadaning bir qator tovarlariga qoʻshimcha bojlar joriy qilishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek