Xitoylik investorlar Oʻzbekistonga xavf tugʻdirmaydi – ISSV

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Ilzat Qosimov Oʻzbekistondagi yerlar Xitoy kompaniyalari tomonidan egallab olinayotgani haqidagi xabarlarga izoh berdi. Xabar vazirlikning Facebookʼdagi sahifasida e’lon qilindi.
Uch yil davomida Xitoy sarmoyalarining asosiy qismi sanoatga – 62 foiz, energetika sohasiga – 11 foiz, qishloq xo‘jaligiga esa 4 foiz yo‘naltirildi.
«Koʻp tarqalgan notoʻgʻri fikrlarga qaramay, xitoylik investorlarning atigi 4 foizi qishloq xoʻjaligiga toʻgʻri keladi. Oʻzbekistonda chet el investorlariga yer sotilishi taqiqlangan, uni faqat 25 yilga ijaraga olish mumkin va bu faqat ochiq auksion orqali amalga oshiriladi», – dedi Qosimov.
Uning qoʻshimcha qilishicha, oʻzbekistonliklar sarmoyaviy loyihalarga jalb qilingan. Qosimov oʻzbeklarni mish-mishlarga emas, faktlarga e’tibor qaratishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, barcha investitsiya loyihalari Oʻzbekiston manfaatlarini hisobga olgan holda ishga tushirilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, «Kursiv» Oʻzbekiston va Xitoy migratsiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishi haqida yozgan edi.