Samarqand deklaratsiyasi Yevroittifoq – Markaziy Osiyo munosabatlarini mustahkamlaydi — prezident

Shavkat Mirziyoyev «Euronews» telekanaliga bergan intervyusida hamkorlikning yangi bosqichi haqida fikr bildirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Prezidentning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy va siyosiy aloqalar tobora mustahkamlanib bormoqda. So‘nggi yillarda savdo aylanmasi keskin oshgan bo‘lib, investitsion hamkorlik ham rivojlanmoqda. O‘zbekiston Italiya, Fransiya va Germaniya kabi davlatlar bilan strategik sheriklikni kengaytirgan.
Biz Yevropa biznesining O‘zbekiston va mintaqadagi boshqa mamlakatlar bilan savdo va investitsiyaviy hamkorlik qilish imkoniyatlariga qiziqishi kuchayib borayotganini mamnuniyat bilan kuzatmoqdamiz, – deydi davlat rahbari.
Sammitning Samarqandda o‘tkazilishi ham bejiz emas. Bu qadimiy shahar tarixiy jihatdan savdo, ilm-fan va diplomatiya markazi bo‘lib kelgan. Bugungi kunda ham u xalqaro muloqot va muhim qarorlar qabul qilinadigan maydonga aylanmoqda.
Samarqand deklaratsiyasining imzolanishi sammitning asosiy natijalaridan biri bo‘lishi kerak. Bu hujjat tomonlarning strategik sheriklik o‘rnatishga bo‘lgan umumiy intilishini aks ettiradi. Deklaratsiya nafaqat erishilgan kelishuvlarni mustahkamlaydi, balki mintaqalarimiz o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish uchun asos yaratadi.
Biz investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, innovatsiyalar va raqamli yechimlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishishdan umidvormiz.
Albatta, ko‘plab savollarga sammit yakunida javob topiladi. Biroq hozirdan aytish mumkinki, bu uchrashuv Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasida barqaror, o‘zaro manfaatli sheriklikni barpo etish yo‘lidagi muhim qadamga aylanadi. Bu sheriklik umumiy manfaatlar, ishonch va birgalikdagi taraqqiyotga intilishga asoslangan bo‘ladi.
Xavfsizlik, iqtisodiy integratsiya va ekologik barqarorlik samarali hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, qayta tiklanuvchi energiya sohasida hamkorlik qilish, «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish va uglerod izini kamaytirish masalalari dolzarbdir.
O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ushbu hamkorlik yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Sammit natijalari esa uzoq muddatli barqaror rivojlanish va mintaqaviy integratsiyani yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Xitoyning yetakchi universitetlari filiali ochilishi haqida yozgan edik.