Shavkat Mirziyoyev Osiyo xotin-qizlarining faolligini oshirish bo‘yicha rezolyutsiyani taklif qilmoqda

Bugun, 7-aprel kuni Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi doirasida Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Davlat rahbari 2025-yilda aholini qashshoqlikdan chiqarish ko‘rsatkichini 6 foizgacha kamaytirish maqsad qilinganini ma’lum qildi.
Ushbu tadbirda 140 ga yaqin mamlakatdan 2 mingdan ortiq vakillar ishtirok etmoqda.
So‘nggi 30 yilda jahon yalpi ichki mahsuloti hajmi 4,5 barobarga oshgan bo‘lsa-da, kambag‘al aholi qatlamining daromadlari deyarli o‘zgarmaganligi ta’kidlandi. Agar bu tendensiya davom etsa, 2030-yilgacha 575 mln inson qashshoqlikda, 84 mln bola esa ta’limsiz hayot kechiradi.
O‘zbekistonda keyingi yillarda parlament faoliyatini takomillashtirish maqsadida 20 dan ortiq qonun qabul qilingan. 2023-yildagi umumxalq referendumi orqali parlament vakolatlari jiddiy ravishda kengaytirildi. Xususan, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 tadan 12 taga, Senatniki esa 14 tadan 18 taga yetkazildi.
Milliy parlamentda xotin-qizlar ulushi 38 foizga yetgani va bu ko‘rsatkich so‘nggi 30 yilda Osiyoda eng yuqori o‘sish sifatida e’tirof etilgani alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston parlamenti 100 ga yaqin xorijiy hamkor bilan ishlamoqda, 80 ta qo‘shma do‘stlik guruhlari va komissiyalar faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, 2021-yilda ilk bor yoshlar parlamentlari tashkil etildi.
Oxirgi sakkiz yilda 7 mlndan ziyod aholi qashshoqlikdan chiqarilib, uning darajasi 35 foizdan 8,9 foizga tushirildi. 2025-yilda bu ko‘rsatkichni 6 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan.
Ayollar ishtirokiga oid tahlillarda keltirilishicha, agar iqtisodiyotda xotin-qizlar va erkaklar teng ishtirok etsa, jahon yalpi mahsuloti 26 foizga oshishi mumkin. Shu bois, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan «Osiyo xotin-qizlarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va huquqiy faolligini oshirish» rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlash taklif qilindi.
Shuningdek, sun’iy intellektdan foydalanish etikasiga oid model qonun ishlab chiqish va uni global miqyosda tatbiq etish tashabbusi ham bildirildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mirziyoyev va Aliyev savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlikni muhokama qilgani haqida yozgandi.