Yangiliklar

826 ta mahallaga «Tashabbusli budjet»da tanaffus beriladi

Takroran g‘olib bo‘lgani uchun
826 ta mahallaga «Tashabbusli budjet»da tanaffus beriladi / Foto: Openbudget.uz

«Tashabbusli budjet»ning 2025-yilgi 2-mavsumida 826 ta mahalla tanaffusga chiqadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mazkur mahallalar 2024-yilgi 2-mavsumda g‘olib deb topilgan va joriy mavsumda ham takroran g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Shu sababli ular 2025-yilgi 2-mavsum hamda 2026-yilgi 1-mavsumda ishtirok eta olmaydi.

2025-yilning 1-mavsum yakunlariga ko‘ra, 2 011 ta mahalla (jami mahallalarning 21 foizi) g‘olib bo‘lgan, shundan 329 tasi ilk bor g‘alabaga erishgan.

Tanaffusga chiqarilgan mahallalarning to‘liq ro‘yxati bilan ushbu havolada tanishishingiz mumkin. Ro‘yxat har mavsum boshlanishidan avval yangilanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Tashabbusli budjet» doirasida 33 loyiha qo‘shimcha g‘olib deb topilgan edi.