Myanmada odam savdosi qurboni boʻlgan ikki nafar oʻzbekistonlik vatanga qaytarildi

Oʻzbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi Myanmada odam savdosi qurboniga aylangan ikki nafar fuqaroga vatanga qaytishda amaliy yordam koʻrsatdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
25 yoshli va 28 yoshli shaxslar internet orqali ish taklifiga uchib, Tailandga borgan. Ular keyinroq noqonuniy tarzda Myanmaga olib oʻtilib, jinoiy guruhlar tomonidan majburiy mehnatga jalb etilgan. Ular tahdid va zoʻravonlikka duch kelgan, ozod qilinishlari uchun pul talab qilingan.
Xuddi shunday vaziyatga Qirgʻizistonning sakkiz va Qozogʻistonning toʻrt nafar fuqarosi ham tushgan. Qirgʻiziston diplomatlari yoʻqligi bois, ularning qaytishida Oʻzbekiston va Qozogʻiston elchixonalari yordam koʻrsatgan.
Muzokaralar natijasida jabrlanuvchilar Tailanddagi chegara orqali ozod etilib, vaqtincha turar joy va oziq-ovqat bilan taʼminlandi. 11-aprel kuni ikki oʻzbekistonlik, toʻrt qozogʻistonlik va yetti nafar qirgʻizistonlik uyiga qaytdi.
Bosh konsulxona xorijda ish izlayotgan fuqarolarga hushyor boʻlishni va ish takliflarining ishonchliligini sinchiklab tekshirishni tavsiya qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Myanmada yuz bergan zilzila munosabati bilan hamdardlik bildirgani haqida xabar bergan edi.