
Andijon viloyatida barpo etilayotgan Yangi Andijon shahri qurilishi bosqichma-bosqich davom etmoqda. Shavkat Mirziyoyev bu galgi tashrifi davomida loyiha doirasida amalga oshirilgan dastlabki ishlar bilan tanishdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi shahar Andijon tumanidagi adirlikda, qishloq xo‘jaligida foydalanilmagan 4 ming gektar yerda barpo etilmoqda. Hozirga qadar 1 ming 770 ta xonadondan iborat 63 ta ko‘p qavatli uy, 1 680 o‘rinli maktab, 420 o‘rinli bog‘cha va 250 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika foydalanishga topshirilgan.

Qurilish ishlari sakkiz bosqichda olib borilmoqda. Bu yil yana 40 ta uy qurilishi rejalashtirilgan. Yangi majmualar yo‘l, elektr, gaz, suv va issiqlik tarmoqlari bilan ta’minlangan. Shuningdek, 4 ming kub metr sig‘imga ega suv saqlash inshooti ham ishga tushirilgan.

Shaharda 19 gektar maydonda «Yangi O‘zbekiston» bog‘i tashkil etildi. Unda o‘n mingdan ortiq manzarali daraxt, amfiteatr, dam olish maskanlari, bolalar maydonchalari va yoritish tizimlari mavjud. Shuningdek, «Vatanparvar bog‘i»da «Vatanga qasamyod» monumenti va boshqa inshootlar qurildi.

Yangi Andijonning umumiy hududi 1 439 gektarni tashkil etib, bu yerda 2 mingta ko‘p qavatli uy, 1 820 gektar yashil hudud va turli savdo, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etiladi. Qurilish yakunlangach shaharda 410 mingdan ortiq aholi yashashi mumkin bo‘ladi.
Tashrif davomida Prezident yangi obodonlashtirish loyihalari bilan tanishdi. Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i rekonstruksiya qilinadi, Zahiriddin Muhammad Bobur haykali o‘rnatiladi. Shuningdek, Andijonda har yili rassomlar festivali o‘tkazish taklifi ilgari surildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda joriy yilning birinchi choragida 77 ming nafar fuqaro ish bilan ta’minlangani haqida yozgan edik.