
Qoraqalpog‘istondagi «Grand Castle» MChJ «Pana Hotel» belgisi asosida tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazmoqchi bo‘ldi, biroq bu nom Toshkentda ro‘yxatdan o‘tgan «Pana Unique» MChJ bilan fonetik jihatdan o‘xshash deb topildi. Natijada Raqobat qo‘mitasi «Pana Unique MChJni qonun buzgan deb topdi va unga moliyaviy jarima qo‘lladi.
Qoraqalpog‘istonda faoliyat yurituvchi «Grand Castle» MChJ mehmonxona xizmati ko‘rsatishda «Pana Hotel» belgisidan foydalangan. U ushbu belgi asosida tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza topshirgan.
Biroq Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk markazi bu arizani rad etdi. Sababi — «Pana» so‘zi Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan «Pana Unique» MChJ tovar belgisida mavjud bo‘lib, bu belgilar fonetik jihatdan o‘xshash deb topilgan.
Grand Castle esa mazkur belgidan oldinroq foydalanishni boshlab yuborganini bildirgan va Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilgan. O‘rganish davomida «Pana Unique» MChJ «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 21-moddasi talabini buzgan deb topildi.
Qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan Pana Unique MChJga nisbatan qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi. Yakunda kompaniyaga moliyaviy jarima qo‘llash va qonunbuzarlikni bartaraf etish yuzasidan majburiy ko‘rsatma berildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 259 ta tashkilotda monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy qilingani haqida xabar bergan edi.