
21–22-may kunlari Toshkentda GSMA – Butunjahon mobil operatorlar assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilayotgan M360 Eurasia xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi. Forum hamkorlari sifatida O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va Beeline Uzbekistan ishtirok etmoqda.
Tadbirda davlat vakillari, texnologik soha mutaxassislari, telekommunikatsiya kompaniyalari va tahlilchilar qatnashadi. Forumda raqamli infratuzilma, 5G texnologiyasini rivojlantirish, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt va mobil aloqa sohasidagi soliq siyosati kabi muhim mavzular muhokama qilinadi.
GSMA yangi hisobotida qayd etilishicha, yuqori soliq yuklamasi raqamli rivojlanish yo‘lida jiddiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Masalan, O‘zbekistonda mobil aloqa uchun umumiy xarajatlar foydalanuvchi daromadining 40 foizini, Tojikistonda 42 foizini, Turkmanistonda esa 51 foizini tashkil etadi.
Assotsiatsiya mutaxassislarining fikricha, soliqlarni kamaytirish raqamli transformatsiyani tezlashtirishi va internetdan foydalanish imkoniyatlarini oshirishi mumkin.
GSMA bosh direktori Vivek Badrinath forum platformasi davlat va biznes manfaatlarini yaqinlashtirishda muhim rol o‘ynashini ta’kidladi:
«Bilim va tadqiqot natijalari bilan o‘zaro almashuv mintaqaning raqamli kelajagini belgilovchi qarorlar qabul qilishga yordam beradi».

O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov esa quyidagicha izoh berdi:
«Regulyatsiya, soliq siyosati va innovatsiyalar – mintaqada raqamli aloqa rivojida hal qiluvchi ahamiyatga ega mavzular».
Beeline Uzbekistan bosh direktori Andrey Pyataxin forumdagi muhim jihatlardan biriga urg‘u berdi:
«Forum infrastrukturaviy rivojlanish, investitsiyalar va soliq siyosatiga oid tajriba almashish uchun noyob maydon yaratadi. Bu raqamli xizmatlarning ommalashishiga bevosita ta’sir qiladi».
Forum InterContinental Tashkent mehmonxonasida o‘tkaziladi. Unda xususiy sektor va davlat tashkilotlari vakillari ishtirok etishi mumkin. Ro‘yxatdan o‘tish allaqachon boshlangan.