Jizzaxdagi AES qurilishida Oʻzbekiston kompaniyalari ishtirok etadi

Oʻzbek korxonalari Jizzax viloyatida atom elektr stansiyasi (AES) qurilishida ishtirok etadi. Bu haqda «Kursiv» nashriga AES Qurilish direksiyasi direktori oʻrinbosari Otabek Omonov ma’lum qildi.
Kompaniyalar sement, armatura, metall konstruksiyalar va elektr kabellari yetkazib beradi. Shuningdek, tadbirkorlar yoʻllar, suv ta’minoti tizimlari va infratuzilma qurilishida ishtirok etadi.
«Shartnomalar tuzish uchun AESni qurish direksiyasi dastlabki texnik talablarni tayyorlashi kerak», – deya qoʻshimcha qildi Omonov.
Bundan tashqari, Vengriya va Xitoy stansiya qurilishida qatnashish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Gap yordamchi inshootlarni qurish haqida bormoqda. Stansiyaning oʻzi Rossiyaning «Atomstroyeksport» pudratchisi tomonidan loyihalashtiriladi.
Oʻzbekiston Vengriyadan quruq sovitish minoralarini ham olishi mumkin. Xitoy turbina bloklari va elektr jihozlarini yetkazib berishda ishtirok etishi kutilmoqda.
«Oʻzbekiston AESni xalqaro loyihaga aylantirish, narx, sifat va xavfsizlik nuqtai nazaridan yanada qulayroq sharoit yaratishga harakat qilmoqda», – degan Omonov.
Eslatib oʻtamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Jizzaxda qurilayotgan AESda kelajakda Oʻzbekistonda qazib olinadigan urandan foydalanish mumkinligi haqida yozgan edi.