
Volkswagen kompaniyasi yangi Passat PHEV 2025 yilgi modelini taqdim etdi. Xitoy bozorida $29,8 ming atrofida baholangan ushbu model faqat bitta komplektatsiyada – 430PHEV Hybrid Business Edition shaklida sotuvga chiqariladi.

Yangi Passat 2023-yilgi modelga qaraganda ko‘plab funksiyalardan mahrum bo‘lgan, bu esa narxni sezilarli darajada pasaytirishga xizmat qilgan. Tashqi ko‘rinishda LED faralar, xrom bezaklar, L-shaklidagi orqa chiroqlar saqlanib qolgan bo‘lsa-da, salonda Apple CarPlay, elektr bilan boshqariladigan oynalar, to‘liq kruiz-nazorat, kameralar va radar tizimlari olib tashlangan.

Texnik jihatdan avtomobil 1.4 litrli benzinli turbo dvigatel va elektromotordan iborat bo‘lib, umumiy quvvati 210 ot kuchi, aylanish momenti esa 400 Nmni tashkil etadi. 6 bosqichli ikki muftali avtomatik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. 13 kVt/soatli litiy-ion batareyasi elektrda 63 km yurish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Volkswagen kompaniyasi 2026-yilgi Tiguan Turbo krossoverining yangi versiyasini namoyish etgan edi.