
Apple iPhone 18 Pro liniyasida kamera blokini sezilarli darajada yangilashni rejalashtirmoqda. Yangi avlod Pro modellari hozirgi qurilmalarga qaraganda kattaroq kamera moduliga ega bo‘ladi.
Manbalar kamera bo‘rtmasi taxminan 2 mmga kattalashishini aytmoqda. Bunga asosiy sabab sifatida bosh kamera modulida o‘zgaruvchan diafragma tizimiga o‘tish ko‘rsatilmoqda. Hozirgi iPhone modellarida f/1.78 qiymatidagi doimiy diafragma ishlatiladi, yangi konstruksiya esa obyektiv teshigini suratga olish sharoitiga qarab mexanik tarzda o‘zgartirish imkonini beradi.
Nazariy jihatdan bu kamera imkoniyatlarini kengaytiradi. Yorug‘ muhitda diafragma «yopilib», kadr aniqligini oshirishi mumkin. Qorong‘i sharoitda esa u «ochilib», sensorga ko‘proq yorug‘lik tushishini ta’minlaydi. Bu tungi suratlar, portretlar va murakkab yorug‘lik sharoitida olingan kadrlarda sifatni yaxshilashi kutilmoqda.
Shuningdek, iPhone 18 Pro‘da 48 megapikselli, 1/1.12 dyuym formatidagi kattaroq sensor qo‘llanishi mumkin. Kattaroq sensor va o‘zgaruvchan diafragma mexanizmi kamera blokida ko‘proq joy talab qiladi. Shu sababli qurilma korpusi, ayniqsa kamera joylashgan qismi, avvalgi avlodga nisbatan qalinroq bo‘lishi ehtimoli yuqori.
Yangi kamera narxga qanday ta’sir qiladi
Yangi kamera tizimi ishlab chiqarishda ham qimmatroq bo‘ladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, uning tannarxi hozirgi yechimlarga nisbatan taxminan 50 foizga yuqori bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, aynan ushbu kamera iPhone 18 Pro seriyasining asosiy farqlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.
Avvalroq Samsung Display va LG Display Apple’ning 2026-yilgi qurilmalari uchun OLED-displeylarni ommaviy ishlab chiqarishni boshlagani xabar qilingandi. Bu esa kompaniya yangi avlod iPhone’lari ustida tayyorgarlik jarayonini faol davom ettirayotganini ko‘rsatadi.
iPhone 18 Pro modelining yangi kamera tizimi qurilmani vizual jihatdan ham, suratga olish imkoniyatlari bo‘yicha ham avvalgi modellardan ajratib turishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri iPhone 18 Pro smartfoni kattaroq asosiy kamera bilan chiqishi mumkinligi haqida yozgan edi.