Mart oyida Cobalt va Onix qanchaga arzonladi

22-aprel 2025 14:54 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir
Mart oyida Cobalt va Onix qanchaga arzonladi / Foto: UzAuto Motors

O‘zbekistonning ikkilamchi avtomobil bozorida 2025-yil mart oyida ham narxlar pasayishda davom etdi. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislarining tahliliga ko‘ra, mahalliy avtomobillar, jumladan, ommabop Cobalt va Onix modellarining narxlari yana arzonladi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, Onix modeli ko‘p foydalanilgan holatda $1000ga arzonlab, o‘rtacha $12 170ga tushdi. Kam foydalanilgan variantining narxi esa $400ga kamayib, $14 500ni tashkil etdi. Xuddi shunday pasayish Cobalt’da ham kuzatilib, kam ishlatilgan avtomobillar narxi $70ga arzonlab $12 680ga, o‘rtacha foydalanilgan modellarning narxi esa $339ga tushib, $12 000ga yetdi. Ko‘p foydalanilgan versiyasi esa $100ga arzonlashib, $11 500ga baholandi.

Bundan tashqari, boshqa ommabop modellarda ham pasayish kuzatildi. Lacetti kam foydalanilgan variantlari $150ga arzonlashib, $14 850ga tushgan bo‘lsa, o‘rtacha foydalanilganlari $200ga pasayib, $14 300 bo‘ldi. Ko‘p foydalanilgan modellarda esa narx $300ga tushib, $13 200 ni tashkil qildi.

Lyuks avtomobillar segmentida ham narxlar pasaygan

Mahalliy lyuks avtomobillar segmentida ham narxlar barqaror emas. Equinox’ning kam foydalanilgan variantlarida narx $2400gacha arzonlab, $33 100ni tashkil qildi. Shuningdek, Malibu’ning o‘rtacha foydalanilgan versiyasi $150ga oshib, $29 300ga yetdi. Tracker’ning ko‘p foydalanilgani $723ga va o‘rtacha foydalanilgani $382ga arzonlab, mos ravishda $16 200 va $17 500dan sotilmoqda.

Elektromobillar narxida ham keskin pasayish kuzatildi

Elektromobillar bozorida ham mart oyida narxlarning tushishi tezlashdi. BYD E2 modeli yangi holatda $800ga arzonlashib, $16 000 bo‘ldi. BYD Han modelining o‘rtacha foydalanilgan versiyasi $1100ga tushib, $33 900ga baholandi.

Shunday pasayish BYD Song Plus DM-i Champion va Song Plus EV Champion modellarida ham kuzatildi. Masalan, BYD Yuan Up yangi holatda $200ga arzonlab, $20 600dan sotilayotgan bo‘lsa, o‘rtacha foydalanilgan variantlari $225ga pasayib $18 775ga baholanmoqda.

Xorijiy avtomobillar bozorida ham sezilarli pastlash mavjud

Xorijiy avtomobillar bozorida yanvar oyiga nisbatan Kia Sportage, K5, Sorento va Seltos’ning narxlari boshqa avtomobillar narxlariga nisbatan sezilarli darajada arzonladi. Misol uchun, Kia Sorento ko’p foydalanilgani $3000ga ($35 000), kam foydalanilgani ham $3000ga ($44 500 ga) arzonlangan.

Shunindek, Kia Sportage’ning narxi kam foydalanilgani $1750ga ($30 000), ko’p foydalanilgani $1233ga ($28 500) va o’rtacha foydalanilgani $678ga ($30 500) pastlagan.

Mazkur tahlil MHTI mutaxassislari tomonidan olx.uz platformasidan to‘plangan 22,5 mingta e’lon asosida o‘tkazilgan. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, avtomobil bozorida pasayish tendensiyasi martda ham davom etgan bo‘lib, bu jarayon bozor talabining o‘zgarishi va boshqa iqtisodiy omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet avtomobillarining savdosi pasaygani haqida yozgandi.

Shuningdek