
2025-yilda Coca-Cola aksiyalari Dow Jones indeksida eng yuqori natijani koʻrsatdi. Yil boshidan buyon 17 foizdan ortiqqa oʻsib, 24-aprel holatiga koʻra $73,3 atrofida savdo qilinmoqda. Bu tarixiy maksimumga juda yaqin koʻrsatkich hisoblanadi.
Bozordagi beqarorlik sharoitida investorlar barqaror daromad beruvchi iste’mol sektori kompaniyalariga murojaat qilmoqda. Barronʼs ma’lumotiga koʻra, Coca-Cola 2025-yilda Dow Jones indeksida yetakchi kompaniyaga aylandi.
Jefferies tahlilchisi Kaumil Gadjravala Coca-Colaʼning Fairlife brendini kompaniya oʻsishining asosiy drayveri sifatida koʻrsatmoqda. Kompaniya gazsiz va oqsilli ichimliklar segmentini faol rivojlantirmoqda.
UBS tahlilchisi Piter Grom Coca-Cola aksiyalarini xarid qilishni tavsiya etib, ularning narxi $84 gacha koʻtarilishini kutmoqda. U kompaniya daromadlarining barqaror oʻsishiga ishonch bildirgan.
JPMorgan esa aksiyalar boʻyicha maqsadli narxni $74 dan $78 ga koʻtardi. Tahlilchilarga koʻra, Coca-Cola AQShdagi savdo siyosati noaniqligi sharoitida «himoya aktiv» sifatida ajralib turadi.
MarketWatch maʼlumotlariga koʻra, 29 tahlilchidan 23 tasi Coca-Cola aksiyalarini sotib olishni tavsiya qilgan, besh nafari esa «Hold» reytingini bergan, ya’ni aksiyalarni ushlab turishni maslahat bergan. Faqat bitta tahlilchi ularni sotishni tavsiya qilgan. Konsensus boʻyicha maqsadli narx – $76,6.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Boeing kompaniyasi inqirozdan chiqayotgani haqida xabar bergan edi.