
Yevropa kosmik agentligi (ESA) tarixdagi eng aniq Quyosh suratini taqdim etdi. 12544 x 12544 piksel o‘lchamdagi bu ulkan tasvir Solar Orbiter zondining EUI asbobi yordamida, Quyoshdan 77,8 mln km uzoqlikda olingan 200 ta suratdan yig‘ildi, deya xabar beradi agentlik.

Ultrabinafsha diapazonda olingan rasmda Quyosh atmosferasining murakkab tuzilmalari – million darajali korona, protuberanslar, tolalar va faollik zonalari aniq ko‘rinadi. Bu surat ilm-fan uchun ham katta ahamiyatga ega bo‘lib, Quyosh koronasi isishi, plazma harakati va magnit maydonlarning ta’sirini o‘rganishga yordam beradi.

Ma’lumot uchun, Solar Orbiter ESA va NASAning qo‘shma loyihasi bo‘lib, u Quyoshni chuqur o‘rganish maqsadida 2020-yilda ishga tushirilgan. Yangi suratlar yordamida olimlar kosmik ob-havo prognozlarini yanada aniqroq qilishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy va Rossiya Oyda yadro elektr stansiyasi qurmoqchi ekani haqida yozgan edik.