Doimiy yashash huquqidan mahrum boʻlgan OpenAI tadqiqotchisi AQShdan ketdi

eʼlon qilindi
U 12 yil davomida AQShda yashagan
Doimiy yashash huquqidan mahrum boʻlgan OpenAI tadqiqotchi AQShdan ketdi. Foto: ChatGPT

OpenAI kompaniyasining yetakchi tadqiqotchilaridan biri kanadalik Kay Chen AQShda doimiy yashash huquqini (Green Card) olishda rad javobini olgach, mamlakatni tark etdi.

Maʼlum qilinishicha, u 12 yil davomida AQShda yashab, ilmiy faoliyat olib borgan edi. Chen oʻzining Vankuverga noaniq muddatga koʻchib oʻtganini eʼlon qildi. OpenAI ilmiy xodimi Noam Brown ijtimoiy tarmoq Xʼda bu vaziyatga munosabat bildirar ekan, Chenni sunʼiy intellekt sohasidagi eng yaxshi tadqiqotchilardan biri deb atadi va bu kabi iqtidorlarning ketishi AQShning SI sohasidagi yetakchiligiga tahdid solishini taʼkidladi.

OpenAI vakili Decrypt nashriga bergan izohida Chenning holati hujjatlarni rasmiylashtirishdagi texnik xatolik bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligini maʼlum qildi. Kompaniya Green Card arizasining dastlabki koʻrib chiqilish jarayoniga bevosita aloqador boʻlmagan.

Kay Chen misolida namoyon boʻlayotgan vaziyat AQSh texnologik sektorida soʻnggi yillarda kuchaygan immigratsiya cheklovlari oqibatlarini koʻrsatmoqda. Tramp maʼmuriyati davrida Green Card va vizalar bilan bogʻliq talablar kuchaytirilgan. Natijada koʻplab xorijlik mutaxassislar va talabalar vizalar bilan bogʻliq qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Nature jurnalining tadqiqotiga koʻra, AQShdagi 1600 dan ortiq olimlarning 75 foizi mamlakatni tark etish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Bunday oqim asosan Yevropa va Kanadaga yoʻnaltirilmoqda.

Sunʼiy intellekt sohasi uchun bu jarayon ayniqsa xavflidir. Maʼlumotlariga koʻra, AQShdagi eng istiqbolli 50 ta SI startapining 66 foizida kamida bitta immigrant asoschi mavjud, Si sohasidagi aspirantlarning esa qariyb 70 foizi xorijliklardan iborat.

OpenAI bosh direktori Sem Altman ilgari yuqori malakali immigrantlar uchun immigratsiya tizimini soddalashtirishni qoʻllab-quvvatlagan edi, biroq u Kay Chenning vaziyati yuzasidan hozircha ommaviy izoh bermadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan OpenAI kompaniyasi Oʻzbekistonda QQS toʻlashi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek