Meta Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt va raqamli taʼlim sohalarida hamkorlikni kengaytiradi

Oʻzbekiston va Meta kompaniyasi sunʼiy intellekt va raqamli taʼlim yoʻnalishlarida hamkorlikni kengaytirish borasida kelishuvga erishdi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Meta kompaniyasining Markaziy Osiyo, Moʻgʻuliston, Shri-Lanka va Maldiv orollari boʻyicha mintaqaviy vakili Senura Abeyvardena Toshkentda Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari bilan uchrashdi. Muloqot chogʻida tomonlar sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish sohalarida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston tomoni bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, Adliya vazirligi bilan amalga oshirilgan Lex AI loyihasi tajribasi taqdim etildi. Ushbu loyiha doirasida Llama sunʼiy intellekt modeli asosida yaratilgan chat-bot fuqarolarga huquqiy masalalarda yordam bermoqda.
Shuningdek, may oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan 1M AI Prompters onlayn taʼlim platformasiga Meta o‘quv kurslarini joylashtirish taklifi bildirildi. NVIDIA bilan hamkorlikda 300 nafar talaba ishtirokida sunʼiy intellekt tadbiri tashkil etilayotgani va shunga oʻxshash loyihani Meta bilan ham amalga oshirish rejalashtirilayotgani qayd etildi.
Senura Abeyvardena sunʼiy intellektni oʻzbek tiliga moslashtirish hamda mahalliy maʼlumotlar infratuzilmasini yaratish tashabbusini ilgari surdi. U Qozogʻiston va Tayvandagi muvaffaqiyatli tajribalarni misol qilib keltirib, Oʻzbekistonda ham shunday natijalarga erishish imkoniyatini taʼkidladi.
Bundan tashqari, Meta vakili Llama modelini davlat veb-saytlariga integratsiya qilish va ochiq kodli dasturlar asosida mutaxassislarni tayyorlash uchun virtual treninglar o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Meta butun dunyo boʻylab minglab xodimlarini ishdan boʻshatishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.