Elektromobillar utilizatsiyasi yig‘imi 4 baravarga oshdi

eʼlon qilindi
1-maydan
elektromobil
Elektromobillar utilizatsiyasi yig‘imi 4 baravarga oshdi / Foto: kristt / www.depositphotos.com

1-maydan O‘zbekistonda elektromobillar uchun yangi utilizatsiya yig‘imi miqdorlari kuchga kirdi. Bu bo‘yicha 2025-yil 31-yanvarda Bosh vazir tomonidan qaror imzolangandi.

Yangi tartibga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 3 yildan ko‘p bo‘lmagan elektromobillar uchun yig‘im 4 baravarga oshdi – 30 BHMdan (11 mln 250 ming so‘m) 120 BHMga (45 mln so‘m) yetdi.

Ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshgan elektromobillar uchun esa yig‘im 2,3 baravar oshdi – 90 BHMdan (33 mln 750 ming so‘m) 210 BHMga (78,75 mln so‘m) ko‘tarildi.

Shuningdek, elektromobillarning faqat elektr energiyasida harakatlanuvchi, biroq ikki turdagi dvigateli bo‘lgan EREV (Extended Range Electric Vehicle) turlari uchun alohida TIF TN kodi joriy etilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Tashqi savdo departamenti boshligʻi Inomjon Abdurahmonov Facebookʼdagi sahifasida Oʻzbekistonda 1-maydan elektromobillar uchun utilizatsiya yigʻimi oshirilishiga izoh bergandi.

Uning soʻzlariga koʻra, utilizatsiya yigʻimi ekologik xavfsizlik, fuqarolar sogʻligʻini himoya qilish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora hisoblanadi.

Ta’kidlanishicha, 2021-yilda 809 ta elektromobil import qilingan boʻlsa, 2024-yilda bu koʻrsatkich 24 mingtaga yetdi. 2035-yilgacha mamlakatda 10 ming tonnadan ortiq akkumulyator chiqindilari paydo boʻlishi kutilmoqda. Ularni utilizatsiya qilish va qayta ishlash uchun esa yirik investitsiyalar hamda kamida 10 – 15-yil vaqt talab etiladi.

«Koʻplab davlatlarda (Belgiya, Norvegiya, Germaniya, Qozogʻiston, Rossiya, Belarus va boshqalar) avtotransport vositalari uchun $12 125 minggacha utilizatsiya yoki ekologiya yigʻimlari joriy etilgan. Shu bilan birga, deyarli barcha davlatlarda elektromobillar importiga bojxona boji mavjud, Oʻzbekistonda esa u «nol» foizni tashkil etadi», – dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Hindistonda elektromobillar uchun bojxona boji 125%, Yevropa Ittifoqida 55%, Turkiya va Indoneziyada 50%, Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi davlatlarida 15% ni tashkil qiladi. Hatto Xitoyda ham bu koʻrsatkich 15% ga teng. Bugungi kunda esa elektromobillarning 90% ga yaqini aynan Xitoyda ishlab chiqarilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston avtomobil bozori 20 foizga qisqargani haqida yozgandi.

Shuningdek