
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda Chevrolet Damas 2026 avtomobilining nomi ostida rasmlar tarqaldi. Kursiv Uzbekistan modelning asl nomi va taqdim etilgan manzilini o‘rgandi.
Tarqalgan fotolarda InduAuto nomini ko‘rish mumkin. Bu O‘zbekistonda emas, balki Chevrolet’ning Ekvadorda joylashgan kompaniyasi.
Modelning o‘ziga keladigan bo‘lsak, Ekvadorda Chevrolet N400 nomi bilan ommalashgan, yo‘lovchi tashish modeli. U 640 kg yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega va 7 tagacha yo‘lovchini tashishi mumkin.


O‘zbekistondagi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video:
Chevrolet N400 Passenger musiqa tinglash uchun AM/FM ovoz tizimi, CD, MP3 pleyer va ikkita dinamik mavjud. Bundan tashqari, qo‘shimcha qulaylik uchun masofadan boshqariladigan markaziy qulflash, taksometr va raqamli soat bilan jihozlangan.
Kursiv Uzbekistan nashri ushbu modelning O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi rejalari bilan UzAuto Motors matbuot xizmatiga so‘rov yubordi. Kompaniya javob berishi bilan qo‘shimcha xabar e’lon qilinadi.
Avvalroq Chevrolet Damas sotib olishda nimalarga ahamiyat berish kerakligi haqida maqola e’lon qilgan edik.