
O‘zbekistonda 1-maydan boshlab elektromobillarni quvvatlantirish narxi sezilarli darajada oshdi. Bu haqda Avtoe’lon nashri ma’lum qilmoqda.
Nashrning yozishicha, elektr transport vositasini quvvatlantirish muayyan stansiya va hududga qarab bir kilovatt uchun 200 so‘mdan 500 so‘mgacha qimmatlashgan. Ba’zi yetkazib beruvchilar narxning oshishini nafaqat elektr energiyasi tarifining o‘zgarishi, balki tegishli xarajatlar – yer ijarasi, uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish va soliqlarning o‘sishi bilan izohlamoqda.
Ammo Tok bor va Megawatt elektrozapravkalarida avvalgi narxlar saqlab qolingan (bir kilovatt uchun mos ravishda 2850 so‘m va 2700 so‘mgacha). Kursiv Uzbekistan muxbiri bilan suhbatda har ikki kompaniya xodimlari narxlar oshmaganligi, ayrim stansiyalarda chegirmada yanada arzon narxda quvvatlash imkoni borligini ma’lum qilgan.
Spectre elektr transport vositasini quvvatlantirish stansiyalarida esa narx 2250 so‘mni tashkil etadi. Kechasi zaryadlash nisbatan arzonroq: 1950 so‘m. Kompaniya 1-maydan buyon tarif narxlari 150 so‘mga oshganini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri elektromobillar utilizatsiyasi yig‘imi 4 baravarga oshgani haqida yozgan edi.