Iste’mol madaniyatini raqamlashtirish

eʼlon qilindi

«Vitamin sotaman, 100 foiz original» — shunday e’lonlarga duch kelganmisiz? Shu tarzda ishlaydigan sotuvchilardan mahsulot xarid qilib ko‘rganmisiz? Tovarning haqiqiyligini qanday tekshirgansiz, quruq gapga ishonib, pand yegan paytlaringiz bo‘lganmi? Aslida tovarning asl manbasini aniqlash unchalik qiyin emas. Buning uchun shunchaki markirovka nima ekanligini bilishning o‘zi kifoya.

Raqamli markirovka — O‘zbekiston uchun yangilik emas. Uni joriy etish bundan bir necha yil oldin boshlangan. Dastlab ko‘pchilikka tushunarsiz tuyulgan bu jarayon bugungi kunga kelib mamlakat biznesi va iqtisodiyotining ajralmas qismiga aylandi. Hozirda markirovka — bu shunchaki gazli ichimlik shishasining qopqog‘idagi Data Matrix kodi emas, balki eng avvalo mahsulot xavfsizligi va xaridorning ongli tanlovi uchun muhim vositadir.

Mazkur davr ichida O‘zbekistonda oltita tovar guruhini raqamli markirovkalash yo‘lga qo‘yildi va ularning soni yil sayin ortib bormoqda. Joriy yilda alkogol, pivo, tamaki, maishiy texnika, ichimliklar va dori vositalariga biologik faol qo‘shimchalar (BFQ) ham qo‘shildi. Hozircha bu sinov tarzida amalga oshirilmoqda, biroq yaqin kelajakda ushbu talab biznes uchun majburiy normaga aylanishi kutilmoqda. Ha, bu jarayon oson emas, qo‘shimcha moliyaviy va resurs xarajatlarini talab qiladi. Ammo bu ishda eng muhimi — erishiladigan natija. Markirovkalashning asosiy maqsadi esa iqtisodiyotning xavfsizligi va shaffofligini ta’minlashdir.

Afsuski, uzoq yillar davomida O‘zbekistondagi do‘kon va dorixona rastalarida kontrafakt mahsulotlar haddan tashqari ko‘p bo‘lgani uchun soxta mahsulotlar hayotimizning odatiy qismiga aylanib qoldi. Bu esa bir necha yil ichida o‘zgartirish juda qiyin bo‘lgan holatga aylandi.

Lekin ish allaqachon boshlangan va eng muhimi yuqoridan yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yashirin iqtisodiyot darajasini pasaytirish va biznesga bosimni minimallashtirish vazifasini qo‘ydi. Va bunda markirovkalash muhim ahamiyat kasb etadi. Regulyator, markirovka operatori va biznesning doimiy hamkorligi nafaqat nazoratni ta’minlash, balki bozorning ochiqligini, ishlab chiqarish jarayonini, shuningdek, tadbirkorlar va umuman iqtisodiy faol aholining xabardorligini ta’minlovchi mexanizmni yaratdi.

Bugun shunday manzara shakllanmoqda: davlat bozorni shaffoflantirish maqsadini qo‘ygan, biznes esa bu qoidalarni qabul qilib, yangi sharoitlarda ishlashga tayyor. Markirovkalash jarayoni o‘z yo‘lini davom ettirmoqda va tovarlarning yangi guruhlari muomalaga kiritilmoqda. Ehtimol, keyinchalik bu jarayonning eng murakkab bosqichi — o‘zbek jamiyatida iste’mol madaniyatini shakllantirish va tarbiyalash boshlanadi.

Kursiv Research jurnalining ushbu soni hamda uz.kursiv.media saytida e’lon qilingan «Xavfsizlik kodi. O‘zbekistondagi raqamli markirovka haqida barcha ma’lumotlar» maxsus loyihasi fuqarolarning xabardorligini oshirish va yangi iste’molchilik madaniyatini shakllantirish yo‘lida O‘zbekistondagi markirovka operatori CRPT TURON bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan navbatdagi qadamlardan biridir.

Mutolaangiz maroqli bo‘lsin!

Shuningdek