Markirovkani joriy etishning samarasi: Data Matrix O‘zbekiston bozorini qanchalik o‘zgartirmoqda

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan raqamli markirovkaning afzalliklari haqida ma’lumotlarni to‘pladi
Markirovka yordamida iste’molchi mahsulotning kelib chiqishi haqida ma’lumot olishi mumkin. Foto: iMin Technology / www.pexels.com

2025-yil 1-maydan boshlab O‘zbekistonda agrokimyo vositalarini raqamli markirovkalash bo‘yicha tajriba loyihasi boshlanadi. Ushbu pilot loyiha 31-oktabrgacha davom etadi. Avvalroq joriy yilning mart oyida biologik faol qo‘shimchalarni (BFQ) ixtiyoriy asosda markirovkalash ishlari sinov tarzida yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekistonda 2021-yilda boshlangan raqamli markirovkalash tizimi bugungi kunga kelib, oltita asosiy tovar guruhini qamrab olgan. Ular quyidagilardan iborat: alkogol mahsulotlari, tamaki mahsulotlari, pivo va pivo mahsulotlari, maishiy texnika, dori vositalari va tibbiy buyumlar, shuningdek, ichimlik suvi va salqin ichimliklar. Mazkur davrda tizim orqali qanday natijalarga erishilgani, unga qancha ishtirokchi qo‘shilgani va markirovka bozor shaffofligini oshirishga qanday ta’sir ko‘rsatgani yuzasidan Kursiv Uzbekistan jurnalistlari tomonidan o‘rganishlar olib borildi.

Tovar markirovkasi nima va undan qanday foyda bor?

Raqamli markirovka oltita tovar guruhini qamrab oladi. Foto: Kursiv Uzbekistan

Markirovka — bu tovarning individual kodi bo‘lib, u tashqi qadoqqa tushiriladi. Noyob kodda mahsulot haqidagi ma’lumotlar saqlanadi. Markirovka kodlarining o‘zi esa integratorlar va xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar tomonidan chop etiladi.

Asl Belgisi — O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan raqamli markirovka tizimi. Uning operatori «CRPT TURON» MCHJ bo‘lib, u ushbu axborot tizimini ishlab chiqish, ishlatish va yanada takomillashtirish uchun javobgar.

Raqamli markirovka tizimining asosiy vazifalari iste’molchilar xavfsizligini oshirish, soxta mahsulotlar sonini kamaytirish va bozordagi qalbaki mahsulotlardan xalos qilishdir. Tovarlarni markirovkalash davlat, biznes va iste’molchilarga foyda keltiradi.

Iste’molchi markirovkalangan tovarni sotib olayotganda uning sifati va xavfsizligiga ishonch hosil qilishi mumkin.

Raqamli markirovka biznes subyektlariga bozordagi ishtirokini kengaytirish, ish jarayonlarini soddalashtirish va mahsulotning ishlab chiqarishdan tortib, yakuniy sotuvgacha bo‘lgan harakatini to‘liq kuzatish imkonini beradi. Bozorda halol kompaniyalar ko‘proq bo‘lsa, ishlab chiqaruvchilar uchun raqobatlashish va biznesni rivojlantirish osonroq bo‘ladi.

Davlat markirovkani joriy etish orqali «kulrang» bozorni (kontrafakt tovarlar) qisqartiradi, soliq va bojxona yig‘imlari hisobiga budjetni oshiradi.

Data Matrix-kodining QR-koddan qanday farqi bor?

Data Matrix kodini chop etish jarayoni. Foto: Kursiv Uzbekistan

Data Matrix kodi mahsulot haqidagi to‘liq ma’lumotni, shuningdek, uning ishlab chiqaruvchisidan tortib do‘kon rastasigacha bo‘lgan harakati haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Har bir tovar birligi uchun nusxa ko‘chirish yoki qalbakilashtirish mumkin bo‘lmagan noyob kod yaratiladi. Shu bilan birga, tovar harakatini nazorat qilish tufayli tovar nusxasining paydo bo‘lish ehtimoli yo‘qoladi.

QR-kodlar singari Data Matrix ham ikki o‘lchovli shtrix-kod bo‘lib, klassik shtrix-kodlarga nisbatan kamroq joyni egallaydi va katta hajmdagi ma’lumotlarni kodlash imkonini beradi. Bundan tashqari, u juda kichik mahsulotlar yoki dumaloq yuzalar uchun mos keladi.

Data Matrix kodini oddiy kamera yordamida aniqlash mumkin emas, uni skanerlash uchun Asl Belgisi ilovasini yuklab olish zarur.

O‘zbekistonda markirovka: raqam va faktlar

Tamaki mahsulotlari

Tamaki mahsulotlarini markirovkalash 2021-yil yanvar oyida filtrli sigaretalardan boshlangan. Hozir tamaki mahsulotlarining barcha turlari, jumladan, sigaretalar, stiklar, elektron sigaretalar va chilim tamakisi markirovka qilinadi.

2024-yil yakuniga ko‘ra, «Tamaki mahsulotlari» tovar guruhida 132 ta ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilar faoliyat yuritgan.

Tamaki mahsulotlarini markirovkalash nazoratni sezilarli darajada kuchaytirishga va qoidabuzarliklarni aniqlashga yordam berdi. 2021-yilda atigi ikkita holat qayd etilgan bo‘lsa, 2024-yilda esa 103 taga yetdi. Musodara qilingan noqonuniy mahsulotlar hajmi ham keskin oshdi. 2021-yilda 15,4 ming dona mahsulot 96,6 million so‘mlik qiymatda musodara qilingan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 697,7 ming donaga va 10,57 milliard so‘mga yetdi.

Alkogol mahsulotlari

Alkogol mahsulotlarini markirovkalash 2021-yil yanvar oyidan boshlab joriy etilgan bo‘lib, u barcha turdagi ichimliklarni — o‘tkir ichimliklar, vino, shampan vinosi, kokteyllar, shu jumladan, alyuminiy qadoqlangan mahsulotlarni qamrab olgan.

Umumiy ishlab chiqarish va import hajmi 29 foizga kamayganiga qaramay, atigi to‘rt yil ichida alkogol import qiluvchilar soni 50 foizdan ko‘proqqa oshdi. 2024-yilda ro‘yxatdan o‘tgan import qiluvchilar soni 41 taga yetdi, ro‘yxatdan o‘tgan ishlab chiqaruvchilar soni esa 2021-yildagi 61 tadan 2024-yilda 93 taga ko‘paydi.

Qoidabuzarliklar soni 2021–2022-yillardagi 396 tadan 2024-yilda 978 taga oshgan. Bu esa nazorat samaradorligi ortganini ko‘rsatadi. 2024-yilda 365 ming dona alkogol mahsulotlari va 366 ming litrdan ortiq kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan spirt musodara qilingan.

Pivo va pivo mahsulotlari

2021-yil aprel oyidan boshlab pivo va pivo mahsulotlari majburiy tartibda markirovka qilinmoqda. Shuningdek, alyuminiy qadoqlardagi pivo ham markirovkalanmoqda.

2024-yilda elektron hisobvaraq-fakturalar (EHF) tizimi orqali pivo va pivo ichimliklarini sotish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 48 foizga oshdi. Kassa cheklari bo‘yicha sotuvlar ham 26 foizga oshdi. Raqamli markirovkalashning joriy etilishi mahsulot harakatini samarali kuzatish va kontrafaktni aniqlash imkonini berdi, bu esa bozorni shaffoflantirishga yordam berdi. Pivo sotadigan qonuniy savdo nuqtalari soni 4,6 mingdan oshdi, bu esa 2021-yilga nisbatan 148 baravar ko’pdir.

Dori vositalari va tibbiy buyumlar

Dori vositalari va tibbiy buyumlarni markirovkalash bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. 2022-yil 1-sentabrdan qutilardagi dori vositalari, 2022-yil 1-noyabrdan tashqi qadoqsiz ishlab chiqariladigan dori vositalari, 2025-yil 1-martdan esa sertifikatlari O‘zbekistonda tan olinadigan orfan dori vositalari va import qilinadigan dori vositalari uchun markirovkalash majburiy etib belgilandi.

Dorilarni markirovkalash bilan mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar, jumladan, Rossiya (70 ta kompaniya), Hindiston (221 ta) va Yevropa Ittifoqi (152 ta) kompaniyalari shug‘ullanadi. 2022-yilda tizimda 157 ta ishlab chiqaruvchi bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yil oxiriga kelib ularning soni 800 taga yetdi. Ro‘yxatdan o‘tkazilgan preparatlar soni 8 baravarga oshib, 1 528 tadan 12 300 taga yetdi. Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchilarda markirovkalash hajmi 12 foizga oshdi.

Ishlab chiqaruvchi va distribyutorlar elektron kuzatuvchanlikka o‘tishga to‘liq tayyor. Distribyutorlar soni 2023-yildagi 350 tadan 2024-yilda 881 taga yetdi, markirovka kodlari aylanmasi esa 5,5 baravarga oshdi.

Ro‘yxatdan o‘tgan chakana savdo ishtirokchilari soni 30 baravarga oshdi. 2023-yilda 226 tani tashkil etgan chakana savdo ishtirokchilari soni 2024-yilga kelib 6,5 mingga yetdi.

Muomaladan chiqarilgan markirovkalangan dori vositalari hajmi 18,5 baravarga oshgan.

IQVIA xalqaro tahlil kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil sentabridan 2024-yil sentabrigacha O‘zbekiston farmatsevtika bozori 13 foizga o‘sib, 20,345 trln so‘mni tashkil etdi.

Suv va salqin ichimliklar

2024-yil 1-martdan boshlab suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalash boshlandi.

Markirovka suv, sharbatlar, gazli ichimliklar, energetiklar va boshqa ichimliklar uchun majburiydir. Umumiy ovqatlanish muassasalarida mustaqil ravishda tayyorlanadigan ichimliklar bundan mustasno. Shuningdek, joyida tayyorlangan kompotlar, limonadlar, smuzilar, freshlar, kokteyllar markirovka qilinmaydi.

Markirovka tizimi suv va salqin ichimliklar bozorini qonuniylashtirishga yordam berdi. 2025-yil mart oyiga kelib, markirovkalangan tovarlar reyestrida 197 ta ishlab chiqaruvchi ro‘yxatga olingan, bu o‘tgan yilga nisbatan 71 foizga ko‘p. 2025-yilning mart oyida 2024-yilning mart oyiga nisbatan 72 foizga ko‘p kod qo‘yildi. Bu bilan birga, import qilingan mahsulotlarga o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 253 foizga ko‘p kod qo‘yilgan.

Maishiy va boshqa texnika

Maishiy texnika va elektronikani markirovkalash 2022-yil aprel oyida boshlangan. Birinchi bosqichda changyutkichlar, kir yuvish mashinalari, sovitish va muzlatish uskunalari, televizor va monitorlar markirovka qilindi. Keyin bu ro‘yxatga gaz plitalari, dudburonlar, duxovkalar, mikroto‘lqinli pechlar, dazmollar va suv isitkichlar qo‘shildi. Yakuniy bosqichda markirovkalash konditsionerlar, o‘rnatilgan elektr motorli maishiy texnika va barcha turdagi yoritish moslamalariga tarqaldi.

2024-yilda ushbu toifadagi tovarlarni markirovkalash hajmining sezilarli o‘sishi qayd etildi. 2023-yilga nisbatan markirovkalash hajmi 16 foizga, markirovkalash kodlari aylanmasi esa 52,3 foizga oshgan.

O‘zbekistonda 2024-yil yakuni bo‘yicha markirovkalangan maishiy texnikalar soni 2022-yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 450 foizga oshgan. Tizimda ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar soni esa uch baravardan ko‘proqqa o‘sdi.

O‘zbekistondagi eng mashhur Uzum Market marketpleysida 2024-yilda maishiy texnika aylanmasi 160 foizga oshdi. Bu xaridorlar qonuniy joyda ishlaydigan sotuvchilarga ishonib, tobora ko‘proq tekshirilgan va rasmiy markirovkalangan tovarlarni tanlayotganidan dalolat beradi.

Biologik faol qo‘shimchalarni raqamli markirovkalash bo‘yicha tajriba loyihasi

BFQlar uchun ixtiyoriy markirovka boshlangan. Foto: Anna Shvets / www.pexels.com

BFQlar ko‘pincha dori vositalarining o‘rnini bosuvchi sifatida reklama qilinadi. Ammo bu toifadagi mahsulotlar bozorida qalbakilashtirilgan, sifatsiz va hatto inson salomatligiga zarar yetkazuvchi kontrabanda mahsulotlar ham keng tarqalgan. Markirovkalash esa sifatsiz mahsulotlarni bozordan chiqarish va odamlarga haqiqatan ham xavfsiz va foydali qo‘shimchalarni sotib olish imkoniyatini berish uchun kerak.

2025-yil mart oyidan boshlab BFQlarni ixtiyoriy tartibda markirovkalash bo‘yicha tajriba loyihasi ishga tushirildi. Bu loyiha mahsulotlarning haqiqiyligini ta’minlash, qalbakilashtirishga qarshi kurashish va umumiy xavfsizlik darajasini oshirishga xizmat qiladi.

Hozirda ishlab chiqaruvchilar va importyorlar markirovkani o‘z xohishlariga ko‘ra joriy etmoqda. Biroq kelgusida BFQlarni markirovkalash majburiy bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Tovar agregatsiyasi nima?

Tovar agregatsiyasi — bu tovarlarni transport o‘ramlari shaklida guruhlash va ularni yagona identifikatsiya kodi bilan belgilash jarayonidir. Bu kod o‘ram ichidagi barcha iste’mol birliklariga tegishli kodlar o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida ma’lumot saqlaydi.

Bu tizim logistika jarayonlarini soddalashtirishda muhim rol o‘ynaydi: tashish jarayonida har bir mahsulot birligini alohida tekshirish o‘rniga, butun qadoq yoki partiyaga biriktirilgan yagona kod orqali nazorat amalga oshiriladi. Natijada har bir bosqichda faqat bitta kod skanerlansa kifoya. Bu esa jarayonni tez, samarali va aniq qiladi.

Import qilinadigan tovarlarning sifati qanday tekshiriladi?

O‘zbekistonga olib kiriladigan oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar albatta laboratoriya tekshiruvidan o‘tishi lozim. Bu jarayon mahsulotning xavfsizligi, amaldagi me’yorlarga hamda e’lon qilingan xususiyatlarga muvofiqligini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra maxsus sertifikat beriladi — bu mahsulot sifat nazoratidan muvaffaqiyatli o‘tganini tasdiqlovchi rasmiy hujjatdir. Xaridor esa mahsulotning asl va xavfsiz ekani haqida ishonch hosil qilish uchun ushbu sertifikatni talab qilish huquqiga ega.

Sifat nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli organlar:

  • Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi — mahsulotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ekspertizadan o‘tkazish va ularning tarkibiy muvofiqligini monitoring qilish bilan shug‘ullanadi;
  • Davlat bojxona qo‘mitasi — olib kirish bosqichida nazoratni amalga oshiradi;
  • O‘zstandart agentligi — ishlab chiqarish jarayonida mahsulotlarning amaldagi standartlarga muvofiqligini tekshiradi;
  • Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi – bozor tahliliga e’tibor qaratgan holda BFQlar va kosmetika sanoatini rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lib, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda ilg‘or xalqaro amaliyot va standartlarni joriy etishni amalga oshiradi.

Tovarlarni markirovkalash narxi qancha va qanday nozik jihatlarni bilish muhim?

Bitta birlikdagi tovarni markirovkalash QQS bilan birga 76,16 so‘m turadi. Tannarx allaqachon kodni yaratish va har bir tovar birligi uchun ushbu kodni kompaniyalar o‘rtasida uzatish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni saqlashni o‘z ichiga oladi.

Agar kod chop etish paytida shikastlangan bo‘lsa, markirovka kodini chiqarish uchun qayta to‘lov qilish kerak bo‘ladi. Buning sababi shundaki, muhrlash va markirovka kodini kiritish operator tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxatiga kiritilmagan.

Qanday mahsulotlar bepul markirovka qilinadi?

Ixtiyoriy asosda amalga oshirilayotgan barcha pilot loyihalarda ishtirok etayotgan ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarga markirovka kodlari bepul taqdim etiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan va 0,5 litrgacha bo‘lgan hajmdagi plastik idishlarda sotiladigan gazsiz ichimlik suvlari uchun ham markirovka kodlari bepul beriladi.

Shuningdek, agar dori vositalarining narxi Bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) bir foizidan past bo‘lsa (2024-yil 1-oktabrdan boshlab bu miqdor 3,5 ming so‘mga teng) va ular maxsus tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq kelsa, bunday dori vositalari uchun ham markirovka kodlari operator tomonidan bepul taqdim etiladi.

Raqamli markirovkasiz tovarlarni sotish uchun jarima qancha?

Tovarni markirovkasiz sotish yoki qoidalarni buzish hollarida mas’ul shaxslar va korxonalar qonunga muvofiq jazoga tortiladi. Birinchi marta qoidabuzarlik sodir etilganida, jarima tushumning 2 foizini tashkil etadi. Agar bir yil ichida takroran qoidabuzarlik yuzaga kelsa, jarima sof tushumning 20 foizigacha oshiriladi.

Bundan tashqari, jarima bir qator holatlarda ikki baravarga kamaytirilishi mumkin. Birinchidan, agar soliq to‘lovchi qoidabuzarlikni tan olib, jarimani olgan kundan boshlab 10 kun ichida uni ixtiyoriy ravishda to‘lasa. Ikkinchidan, soliq to‘lovchida shaxsiy turdagi uzrli sabablar mavjud bo‘lgan taqdirda.

Shuningdek