O‘zbekistonda tibbiyotga ajratilgan mablag‘lar 42 trillion so‘mga yetdi – Shavkat Mirziyoyev

eʼlon qilindi
Shuningdek, har o‘n ming aholiga 27 nafar shifokor to‘g‘ri kelmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 7-may kuni Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida tibbiyotga ajratilgan mablag‘lar so‘nggi 7 yilda 6 karra oshib, joriy yilda 42 trillion so‘mga yetganini ta’kidladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda har o‘n ming aholiga 27 nafar shifokor to‘g‘ri kelmoqda. Bu ko‘rsatkich AQSH, Buyuk Britaniya va Finlyandiya bilan teng, hatto Turkiya va Kanadadan yuqori. Biroq prezident sifat masalasida hanuz ko‘plab muammolar mavjudligini aytdi.

«Ko‘rib turibsiz, bizda tibbiyot xodimlari sonida ham, moliyalashtirishda ham muammo yo‘q. Lekin sifat-chi? Bu borada e’tirozli savollar juda ko‘p», – dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda muhim muammolardan biri sifatida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar iqtisodiyotga har yili $1 milliard zarar yetkazayotgani qayd etildi. Farg‘ona, Xorazm, Andijon, Namangan va Samarqand viloyatlarida olib borilgan kuzatuvlar tibbiyot tizimining birlamchi bo‘g‘inlarida jiddiy kamchiliklar borligini ko‘rsatdi.

Xususan, oilaviy shifokorlar aholi orasida ishonch qozona olmayotgani, aksariyat bemorlar to‘g‘ridan to‘g‘ri shifoxona yoki tez yordam xizmatiga murojaat qilayotgani aytib o‘tildi.

Buxoro viloyatida esa oilaviy shifokorlar davolash o‘rniga shunchaki «yo‘naltiruvchi dispetcher»ga aylangani, bu holat esa tizim samaradorligini pasaytirayotgani bildirildi.

Shuningdek, hududiy shifoxonalarda tibbiy resurslarni – vrachlar, davolanish o‘rinlari va moliyaviy mablag‘larni to‘g‘ri taqsimlashdagi muammolar ham ochiq aytildi. Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida har 10 ming aholi uchun atigi 25 ta koyka to‘g‘ri kelgani holda, Navoiyda bu ko‘rsatkich 31 taga, Sirdaryoda esa 34 taga yetadi.

Aholi soni teng bo‘lgan Qo‘rg‘ontepa va Namangan tumanlarida esa davolanish o‘rinlari soni keskin farqlanmoqda, bu esa dori vositalari xarajatlarida tengsizlikni yuzaga keltirmoqda.

Shu bilan birga, davlat shifoxonalari bilan xususiy klinikalar orasidagi samaradorlik farqi misol keltirildi. Masalan, Andijondagi davlat shifoxonasida har 10 ta koykaga 26 nafar xodim to‘g‘ri kelmoqda, xususiy muassasada esa buni 5 nafar xodim bajarmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzolagani haqida yozgandi.

Shuningdek