Urganch aeroportida avtomobil ijarasi xizmati yo‘lga qo‘yildi

Urganch xalqaro aeroportiga yetib kelgan yo‘lovchilarga shu yerning o‘zida avtomobilni ijaraga olish imkoniyati yaratildi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
15-apreldan boshlab SIXT brendi ostidagi xalqaro avtomobil ijarasi kompaniyasi aeroport binosida rasmiy faoliyatini boshladi. Ijaraga beriladigan savdo nuqtasi E-auksion.uz elektron savdo platformasi orqali savdolar asosida joylashtirilgan bo‘lib, u aeroportning umumiy uchib kelish zalida joylashgan.
Yo‘lovchilar avtomobilni ijaraga olish uchun SIXT peshtaxtasiga murojaat qilib, shaxsni tasdiqlovchi hujjat hamda haydovchilik guvohnomasini taqdim etishlari kifoya. Kompaniya mutaxassislari mijozga mos avtomobil tanlashda yordam beradi va ijara shartnomasi tuzadi.
Ma’lumot uchun, Sixt SE – Yevropaning eng yirik va nufuzli avtomobil ijarasi kompaniyalaridan biri bo‘lib, dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarida 2 mingdan ortiq nuqtada faoliyat yuritadi. Kompaniyaning avtomobil parki 270 mingdan ortiq mashinani tashkil qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent – Urganch aviareyslari ikki baravarga oshirilishi haqida yozgandi.