Yangiliklar

Toshkent aeroportida kitob va muzqaymoq do‘konlari ochiladi

Auksionlar joriy yilning 22-may kuni E-auksion.uz elektron platformasida o‘tkaziladi
Toshkent aeroportida kitob va muzqaymoq do‘konlari ochiladi / Foto: Uzbekistan Airports

«Uzbekistan Airports» kompaniyasi E-auksionda Toshkent xalqaro aeroportida ijaraga beriladigan bir nechta lotlarni e’lon qildi. Yangi imkoniyatlar orasida kitob do‘konlari va muzqaymoq sotish nuqtalari uchun auksionlar mavjud.

Xalqaro aviaqatnovlar terminalining uchish zalining ro‘yxatdan o‘tish va «steril» hududida ikkita muzqaymoq sotish nuqtasi tashkil etish uchun lotlar savdoga qo‘yildi. 8 kv.m maydonda joylashgan lotning boshlang‘ich yillik narxi 192 million so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, kitob do‘konlari uchun ham ikkita joy taqdim qilindi. Birinchi joy xalqaro aviaqatnovlar terminalining «steril» hududida 18 kv.m maydonda, boshlang‘ich yillik narxi esa 108 million so‘m, ikkinchisi esa mahalliy aviaqatnovlar terminalida 20 kv.m maydonda joylashgan. Uning boshlang‘ich yillik narxi 48 million so‘m.

Bundan tashqari, CIP uchib ketish zalida SIM-kartalarni sotish nuqtasini tashkil etish uchun 3 kv.m maydon E-auksionda savdoga qo‘yildi. Bu lotning boshlang‘ich yillik narxi 1,4 milliard so‘mni tashkil etadi.

Mahalliy aviaqatnovlar terminalida yana bir SIM-kartalarni sotish nuqtasi uchun maydoni 3 kv.m bo‘lgan lot ham savdoga chiqarildi. Ushbu lotning boshlang‘ich yillik narxi 108 million so‘m.

Shuningdek, samolyotga texnik xizmat ko‘rsatish uchun perronga chiqish imkoniga ega aviakompaniyalar ofisini joylashtirish uchun 78,55 kv.m maydon auksionga qo‘yildi. Uning boshlang‘ich yillik bahosi 593,8 million so‘mni tashkil etadi.

Samolyotlarni tozalash xizmatini tashkil qilish uchun ikkita lot ham mavjud, birinchi lotning maydoni 53,21 kv.m, boshlang‘ich narxi esa 402 million so‘m, ikkinchisi esa 17,36 kv.m va boshlang‘ich narxi 131 million so‘m.

Auksionlar joriy yilning 22-may kuni E-auksion.uz elektron platformasida o‘tkaziladi. Auksionda ishtirok etuvchi kompaniyalar texnik shartlarga mos kelishlari shart. Savdolar davomida dastlabki yillik narxlar kamida 10% ga oshishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Urganch aeroportida avtomobil ijarasi xizmati yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgandi.