Aprel oyida aholining inflyatsion kutilmalari oʻzgarishsiz qoldi

Shu yilning aprel oyida Oʻzbekiston aholisining inflyatsion kutilmalari oʻtgan oyga nisbatan oʻzgarishsiz qoldi – 14,2%. Bu koʻrsatkich Markaziy bank oʻtkazgan soʻrovnomaga koʻra shakllandi.
Aprel oyida soʻrovnomada jami 2,9 mingdan ortiq respondentlar qatnashib, shundan 1,6 mingtasi tadbirkorlarni tashkil qildi.
Narxlarning oshishiga ta’sir etuvchi asosiy omillar sifatida aholi kommunal xizmatlar, yoqilgʻi va elektr energiyasi narxining koʻtarilishi, valyuta kurslarining oʻzgarishini ta’kidlamoqda.
Eng yuqori inflyatsiya darajasi Toshkent shahri, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida kutilmoqda. Aholi taxminlariga ko‘ra, ushbu hududlarda narxlar yil davomida 15,4 – 16,9 foizga oshishi mumkin. Qashqadaryo, Qoraqalpog‘iston va Navoiyda inflyatsiya darajasi nisbatan past boʻlib, 11,8 – 12,4 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda.
Shuningdek, oylik daromadi 15 mln soʻmdan yuqori boʻlgan respondentlar inflyatsiya darajasini 18,4 foizgacha yetishini taxmin qilmoqda.
Tadbirkorlarning oʻrtacha inflyatsion kutilmalari oy davomida 0,2 foizga pasayib, 12,8 foiz darajasida shakllangan. Ular ham inflyatsiyaning asosiy omillari sifatida kommunal xarajatlarning oshishi, yoqilgʻi narxining koʻtarilishi va valyuta kurslarining oʻzgarishini qayd etgan.
Hududlar kesimida eng yuqori kutilmalar Samarqand, Fargʻona va Toshkent shahri tadbirkorlari orasida kuzatilgan. Bu hududlarda inflyatsiya darajasi yil davomida 13,6 – 13,8 foiz atrofida boʻlishi kutilmoqda.
Eng past koʻrsatkichlar esa Toshkent, Qashqadaryo va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi tadbirkorlar orasida (9,7 – 12,1 foiz) qayd etilgan.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston aholisi inflyatsiyani 14,2 foiz darajasida taxmin qilayotgani haqida yozgandi.