Raqamli markirovkaning O‘zbekiston iqtisodiyoti va soliq tushumlariga ta’siri

O‘zbekistonda raqamli markirovka tizimi so‘nggi bir necha yildan buyon bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Uning eng muhim kutilayotgan natijalaridan biri bozor shaffofligini ta’minlashdir. Tovarlar haqidagi ma’lumotlarning ochiqligiga raqamli markirovkaning ta’siri haqida Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev bilan suhbatlashdik.
— Sherzod Davlyatovich, siz Soliq qo‘mitasi raisi sifatida O‘zbekistonda raqamli markirovka tizimini joriy etilishining tashabbuskorlaridansiz. Ushbu tizimni joriy etish orqali qanday strategik maqsadlar ko‘zlangan va soliq organlari bu jarayonga qanday tayyorgarlik ko‘rgan?
— Raqamli markirovkalash tizimini joriy etishning dastlabki shartlari O‘zbekiston yashirin iqtisodiyotni jilovlash bo‘yicha belgilagan strategik maqsadlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘ldi. Soliq qo‘mitasi zimmasiga ushbu sohadagi raqamlashtirish jarayonining mantiqiy davomi sifatida tovarlarni kuzatib borishning innovatsion usullarini joriy etish, soliq nazoratida inson omilining ishtirokini cheklash hamda iste’molchilarni qalbaki mahsulotlardan himoya qilish kabi muhim va murakkab vazifalar yuklatildi. Aynan shu omillarni inobatga olgan holda, raqamli markirovka majburiy tarzda tatbiq etilishi zarur bo‘lgan mahsulotlar guruhini aniqlashda «kulrang» iqtisodiy operatsiyalarni chuqur tahlil qilish hal qiluvchi rol o‘ynadi. Natijada yashirin iqtisodiyotda eng yuqori ulushga ega bo‘lgan mahsulot turlari aniqlanib, ularni birinchi bosqichda raqamli markirovkalash zarurligi belgilab olindi.
Raqamli markirovkalash tizimini amaliyotga samarali joriy etish maqsadida Soliq qo‘mitasi tomonidan texnik jihatdan jihozlarni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi va server uskunalari yangilandi, zamonaviy telekommunikatsiya vositalari o‘rnatildi. Mazkur ishlar soliq organlarining aloqa infratuzilmasi va axborot xavfsizligi tizimini to‘liq modernizatsiya qilish, soliq ma’muriyatchiligining yagona raqamli platformasini yaratish, katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish imkonini beruvchi ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda soliq to‘lovchilarga real vaqt rejimida foydalanish mumkin bo‘lgan xizmatlar ko‘lamini kengaytirishga yo‘naltirilgan. Natijada yangi dasturiy mahsulotlar soni 74 taga yetkazildi.
Bugungi kunda soliq boshqaruvidagi raqamli vositalar — elektron hisob-fakturalar, fiskal cheklar, onlayn nazorat-kassa texnikasi, mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodlari (MXIK), shuningdek, elektron soliq hisobotlari soliq tizimidagi ish jarayonlarini soddalashtirish va tezlashtirishga xizmat qilmoqda. Natijada davlat budjetiga tushumlar ortib bormoqda, bozor esa bosqichma-bosqich rasmiy sektor yo‘nalishida shakllanmoqda. Markirovka tizimi yirik loyiha bo‘lishiga qaramay, u Soliq qo‘mitasi tomonidan bosqichma-bosqich joriy etilayotgan raqamli transformatsiya ekotizimining ajralmas qismi hisoblanadi. Biz mulohazali va bosqichli yondashuv tamoyiliga tayanamiz, ya’ni tadbirkorlik uchun qulay muhit yaratish orqali bu jarayon ikki tomonlama manfaatli bo‘lishi kerak. Umumiy maqsadimiz — yashirin ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilarni bozordan chetlatib, raqobatga asoslangan sog‘lom va adolatli bozor muhitini shakllantirishdir.
Bugungi kunda markirovkalangan tovarlar haqidagi to‘liq ma’lumotni soliq inspektori interaktiv panel orqali ko‘rishi mumkin. «Raqamli markirovka ostidagi mahsulotlar aylanmasini nazorat qilish» (dashbord) nomli yangi axborot-tahliliy dastur milliy Asl belgisi markirovka va kuzatuv tizimi bilan integratsiya qilingan bo‘lib, mahsulotning ishlab chiqaruvchidan tortib chakana savdogacha bo‘lgan yo‘lini real vaqt rejimida ko‘rsatadi. Ushbu tizimda 3,5 mingga yaqin ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Ular 2024-yilning o‘zida 100 mingdan ortiq mahsulot turini markirovkalanadigan tovarlar reyestriga kiritib, qariyb 8,2 milliard dona markirovkalangan mahsulot ishlab chiqargan.
— Biznesning munosabati qanday bo‘ldi?
— Biznesning munosabati turlicha bo‘ldi. Mamlakatda majburiy raqamli markirovka joriy etilishi rasman e’lon qilingan ilk kunlardanoq jarayon faqat biznes manfaatlarini inobatga olgan holda, ishlab chiqarish hajmlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan Soliq qo‘mitasi tomonidan tezkor va har tomonlama texnik hamda axborot yordami bilan amalga oshirilmoqda. Tayyorgarlik bosqichi kamida bir yil davom etadi. Markirovka tarafdorlarining soni ortib borayotgani bir nechta omillar bilan bog‘liq: ishlab chiqaruvchilar va importchilarning o‘z vaqtida xabardor qilinishi, pilot loyihalar doirasida soliq inspektorlari tomonidan olib borilgan tushuntirish ishlari, fuqarolik jamiyati institutlari (assotsiatsiyalar, jamoat kengashlari) vakillarining jalb etilishi. Albatta, imtiyozlarning ham o‘rni katta. Jumladan, 2027-yil 1-yanvargacha tadbirkorlarga raqamli markirovka kodlarini o‘qish qurilmalarini xarid qilish xarajatlarini soliqdan chegirish huquqi berilgan. Bugungi kunga kelib, 180 887 nafar tadbirkor 108 535 dona 2D-skanner yoki boshqa maxsus qurilmalardan foydalanmoqda. Shuningdek, raqamli markirovka uchun zarur uskunalarni olib kirishda 2027-yil 1-iyungacha ishlab chiqaruvchilar bojxona bojlari to‘lovidan ozod qilingan (30.05.2024-yildagi PQ-203-son).
Tadbirkorning shaxsiy kabinetida va Soliq mobil ilovasida markirovkalangan tovarlarni mustaqil inventarizatsiya qilish uchun yangi «Raqamli markirovkalangan mahsulotlar aylanmasi» xizmati joriy etildi. Ushbu xizmat orqali markirovkalangan mahsulotlarning joriy qoldig‘ini ko‘rish, tovar harakatini (kimga sotilgan yoki kimdan sotib olinganini) kuzatish, markirovka kodlari tarixini va harakatini tahlil qilish mumkin. Eng asosiysi, bu barcha funksiyalar real vaqt rejimida amalga oshiriladi. Mahsulot harakatining uzluksiz kuzatuv zanjirini to‘liq joriy etish, bozorda kontrafakt va qalbaki mahsulotlar muammosini bartaraf etish barcha bozor ishtirokchilari manfaatiga xizmat qiladi.
Albatta, Soliq qo‘mitasi ayrim biznes vakillari islohotlarga ijobiy munosabat bildirmagan, yangiliklarga nisbatan ehtiyotkorlik bilan yondashgan holatlarga duch kelgan. Biroq vaqt o‘tishi bilan aynan o‘sha tadbirkorlar raqobatchilarining tovar aylanmasi oshganini ko‘rib, raqamli markirovkaning ijobiy natijalarini tan oldi. Statistik ma’lumotlar majburiy raqamli markirovkaga tortiladigan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi subyektlar soni sezilarli darajada oshganini ko‘rsatmoqda. Taqqoslash uchun, 2021-yilda raqamli markirovka bozorida ishtirok etgan kompaniyalar soni (ishlab chiqaruvchilar va importchilar) 931 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib, bu ko‘rsatkich 3 595 taga yetgan. Bu esa uch baravardan ziyod o‘sishni anglatadi.
— Qaysi bozor segmentlari eng katta o‘sishni ko‘rsatdi va bu holat budjetga tushayotgan soliq tushumlariga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
Eng katta o‘sish ishtirokchilar ishlab chiqaruvchilar va importchilar soni bo‘yicha quyidagi tovar guruhlarida kuzatildi: alkogol mahsulotlari bo‘yicha 75 ta kompaniya, tamaki mahsulotlari — 72 ta, pivo — 54 ta, maishiy texnika — 1 714 ta, dori vositalari — 627 ta, suv va salqin ichimliklar — 122 ta.
Agar raqamli markirovkaning soliq tushumlariga ta’siri haqida gapiradigan bo‘lsak, biz alkogol mahsulotlari, tamaki mahsulotlari va dori vositalarini ishlab chiqarish hamda realizatsiyasida moliyaviy oqimlarning oshganini ko‘ryapmiz. Ushbu mahsulotlarning raqamli markirovka tizimiga kiritilishi mamlakat budjetiga soliq tushumlarining ortishiga shubhasiz hissa qo‘shdi.
Maishiy texnika segmentida tovar aylanmasining ortgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Ushbu holat ishlab chiqaruvchi va importchilarning mazkur yo‘nalishga bo‘lgan yuqori qiziqishini aks ettiradi.
— Dori-darmon bozoridagi vaziyat haqida so‘zlab bersangiz.
— Dori vositalari va tibbiy buyumlar ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar toifasiga kiradi. Shu bois, ularni markirovkalash Soliq qo‘mitasi faoliyatidagi eng mas’uliyatli va dolzarb yo‘nalishlardan biri sifatida qaraladi. Aynan dori vositalari va tibbiy buyumlarning raqamli markirovkasi orqali nafaqat soha bo‘yicha aniq va tizimli tahlil imkoniyati yuzaga keldi, balki ishlab chiqaruvchi yoki importchidan to yakuniy iste’molchigacha bo‘lgan butun harakat zanjirini kuzatish imkoniyati ham yaratildi.
Dorixonalarda xarid amalga oshirilganda xaridorga taqdim etiladigan fiskal cheklarda dori vositalarining Mahsulotlar va xizmatlar identifikatsiya kodlari (MXIK) aks ettiriladi. Bu Soliq qo‘mitasiga aholining dori xarajatlari bo‘yicha umumlashtirilgan ma’lumotlarni shakllantirish imkonini beradi. Shuningdek, ushbu ma’lumotlar asosida dori vositalarining narx shakllanishi, muayyan doriga oid epidemiologik holat hamda harakat zanjiri chuqur tahlil qilinadi. Chunki markirovka kodlari va MXIK ma’lumotlari elektron hisob-fakturalarda to‘liq aks ettiriladi.
Mazkur ma’lumotlar har bir tuman va mahalla kesimida shakllantiriladi. Bu esa bozordagi shaffoflik darajasini sezilarli darajada oshiradi hamda nazorat mexanizmlarining samaradorligini bir necha baravarga kuchaytiradi.
Mazkur sohada raqamli markirovka vositalari fuqarolarning salomatligini himoya qilishda muhim rol o‘ynamoqda. Ular nafaqat kontrafakt va sifatsiz dori vositalaridan himoyalash, balki mahsulotlarni standartlashtirish va unifikatsiya qilish imkonini ham yaratadi. Bu esa ichki bozorni noqonuniy va qalbaki mahsulotlardan — ularning mahalliy yoki import kelib chiqishidan qat’i nazar tozalashga xizmat qilmoqda.
2023-yil martidan 2024-yil apreliga qadar bo‘lgan davrda dori vositalarini noqonuniy ishlab chiqarish va muomalaga chiqarish bilan bog‘liq 600 dan ortiq holat aniqlangan. Raqamli markirovka va tegishli ruxsat hujjatlari bo‘lmagan 30 mingdan ortiq qadoq mahsulot muomaladan chiqarilgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 28,1 milliard so‘mdan oshgan.
Noqonuniy mahsulot xarididan o‘zini himoya qilishni istagan iste’molchilar uchun Soliq qo‘mitasining mobil ilovasida «Markirovkani tekshirish» servisi yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda ushbu ilovada 10,5 milliondan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan.
Diqqatga sazovor jihat shuki, mahsulotda raqamli markirovkaning mavjud emasligi xaridorda shubha uyg‘otishi kerak. Ikkinchidan, agar mahsulotdagi Data Matrix kodini skanerlash vaqtida tizim «Kod haqiqiy emas» degan xabarni chiqarsa, bu ham xavotirli holat sanaladi. Raqamli markirovkaning noto‘g‘ri qo‘llanilganini yoki butunlay yo‘qligini aniqlagan har bir fuqaro «Soliq hamkor» mobil xizmati orqali soliq organlariga elektron murojaat yuborishi mumkin.
— Raqamli markirovkaning joriy etilishi O‘zbekistonda soliq tushumlariga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
— 2021-yildan boshlab raqamli markirovka tizimi orqali budjetga tushayotgan tushumlar yangi bosqichga chiqdi. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, davlat budjetiga tushgan soliq tushumlari sezilarli darajada oshib, 26,4 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu 2023-yilga nisbatan 4,9 trillion so‘mga ko‘pdir.
2024-yil yakunlariga ko‘ra, markirovkalangan mahsulotlar realizatsiyasining umumiy hajmi 166,1 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20,1 trillion so‘mga ko‘p.
— Raqamli markirovkani joriy etishni qanday xalqaro tashabbuslar ham qo‘llab-quvvatlamoqda?
— Rossiya va O‘zbekiston hukumat rahbarlari darajasidagi yaqin hamkorlik va samarali ishlar natijasida, Rossiya Federal soliq xizmati hamda O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi o‘rtasida dori vositalari uchun raqamli markirovka kodlari bo‘yicha ma’lumot almashish maqsadida axborot integratsiyasi yuzasidan bitim imzolandi.
Mazkur hujjat — dori vositalari markirovkasining ikki davlat tomonidan o‘zaro tan olinishi hamda farmatsevtika mahsulotlari sohasidagi xalqaro hamkorlikning ilk muhim bosqichidir. Bu orqali markirovkalangan mahsulotlar aylanmasining shaffofligini ta’minlash imkoniyati yaratilmoqda. Soliq qo‘mitasi o‘zining ijobiy tajribasini boshqa mamlakatlar bilan faol ravishda baham ko‘rmoqda. Joriy yilda Qozog‘istonda pivo mahsulotlarini markirovkalash tizimi ishga tushirilishidan oldin Soliq qo‘mitasiga qo‘shni davlat delegatsiyasi tashrif buyurdi. Shuningdek, boshqa mamlakatlar ham bu jarayonga qiziqish bildirmoqda.
— Uzoq muddatli istiqbolda raqamli markirovkani joriy etishdan qanday iqtisodiy samaralarni kutmoqdasiz?
— Uzoq muddatli istiqbolda biz raqamli markirovkaning biznes yuritish sharoitlarini yaxshilashga, investorlar ishonchini oshirishga va ichki bozorni rivojlantirishga xizmat qilishini kutmoqdamiz. Muhimi, markirovka butun iqtisodiy jarayonlarning modernizatsiyasiga turtki beradi, bu esa mamlakat iqtisodiyotining barqarorligi va rivojlanishiga bevosita ta’sir qiladi. Shubhasiz, erishilgan natijalar hukumat tomonidan majburiy raqamli markirovka joriy etilishi mumkin bo‘lgan boshqa tovar guruhlarini ko‘rib chiqish uchun mustahkam asos yaratadi.