«Uzuklar hukmdori» asosidagi yangi film 17-dekabrda namoyish qilinadi

12-may 2025 17:51 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir
«Uzuklar hukmdori» asosidagi yangi film 17-dekabrda namoyish qilinadi / Foto: New Line/Everett C

«Uzuklar hukmdori: Gollumni ovlash» filmi 2027-yil 17-dekabrda kinoteatrlarda namoyish etiladi. Bu haqda Deadline nashri ma’lum qildi.

Film mashhur rejissyor Piter Jekson boshchiligida ishlangan «Uzuklar hukmdori» va «Xobbit» trilogiyalari voqealari asosida yaratiladi. Yangi loyiha «Uzuklar hukmdori» olamining kengaytirilgan tarixiga urg‘u beradi va bu safar asosiy qahramon Gollum bo‘ladi.

Filmning bosh rolini va rejissyorligini taniqli aktyor Endi Serkis bajaradi. U ilgari ham Gollum obrazini ijro etgan va endi bu personajga rejissyor sifatida ham jon kiritadi.

Ssenariyni Frens Uolsh, Filippa Boyens, Foebi Gittins va Arti Papageorgiu yozmoqda. Loyihaning ijrochi prodyuserlari Ken Kamins, Endi Serkis va The Imaginarium asoschisi Jonatan Kavendish hisoblanadi.

Yangi film Warner Bros Discovery kompaniyasining 2025-yil birinchi choragidagi muvaffaqiyatli natijalari fonida e’lon qilindi. Kompaniya bu chorakda striming xizmatlarining obunachilar soni va foydasini oshirdi.

Ma’lumot uchun, avvalgi «Uzuklar hukmdori» va «Xobbit» filmlari jami $5,9 milliarddan ortiq daromad keltirgan. Ammo bu franchayzingning anime ko‘rinishidagi so‘nggi urinishlari muvaffaqiyatli bo‘lmagan: «Uzuklar hukmdori: Rohhirim jangi» filmi atigi $20,6 million daromad qilgan edi.

Yangi film muxlislar uchun yangi voqealar, chuqur dramatizm va Gollum obrazining ichki kurashlarini ochib berishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Kalmar o‘yini»ning uchinchi mavsum qachon chiqishi ma’lum bo‘lgani haqida yozgandi.

Shuningdek