Ishdagi lazer

eʼlon qilindi
Oʻzbekistonda salqin ichimliklarni markirovkalashda innovatsion texnologiya qanday qoʻllanilmoqda
Raqamli markirovka / Foto: CRPT TURON

2024-yil 1-martdan O‘zbekistonda salqin ichimliklarga raqamli markirovkani qo‘llash majburiy bo‘ldi. Bu iste’molchi uchun tovar sifatini kafolatlaydi va qalbaki mahsulotlarga qarshi kurashishda yordam beradi.

Bunday mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ichimlik solingan bankalarga zarur Data Matrix kodini qo‘yish masalasini turli usullar orqali hal qilmoqda. Masalan, EURASIA BOTTLERS kompaniyasi O‘zbekiston bozori uchun innovatsion bo‘lgan lazerli markirovkalash texnologiyasidan foydalanmoqda. Ushbu tizimning ishlash jarayonini yaqindan ko‘rish maqsadida biz korxonaga tashrif buyurdik.

Toshkentda joylashgan EURASIA BOTTLERS zavodida Flash Up ichimligi ishlab chiqariladi. Korxona yiliga 100 milliondan ortiq banka ichimlik ishlab chiqarish quvvatiga ega. Amaldagi O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, ushbu mahsulotlarning barchasi majburiy tartibda markirovka qilinishi lozim.

Biroq alyuminiy idishdagi ichimliklarni sifatli markirovkalash tashqaridan ko‘ringanidek oson emas. Data Matrix kodi idishning yuqori qismida joylashgan kalit-halqaga joylashtirilishi kerak. Ishlab chiqarish liniyasi bo‘ylab harakatlanish jarayonida idishlarning holati o‘zgarishi mumkin, bu esa belgilarning noto‘g‘ri qo‘yilishi xavfini oshiradi.

Ushbu masalani hal etish maqsadida kompaniya lazerli markirovkalash texnologiyasini yaratgan va bu jarayon uchun uskunalarni yetkazib beruvchi «Kallisto» kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

«Biz texnologik yechimni ishlab chiqdik, chunki markirovkalash uskunalarini ishlab chiqarish liniyasiga o‘rnatishning imkoni yo‘qligini darhol tushundik. Bu jarayon alohida tashkil etilishi kerak, chunki ishlab chiqarish rejimida bankani kalit-halqaga aniq tushadigan darajada barqaror holatda ushlab turishning iloji yo‘q», — deydi «Kallisto» bosh direktori Pavel Bulgakov taklif etilgan konsepsiya haqida.

Pavel Bulgakov markirovka texnologiyasi haqida so‘zlab berdi. Foto: CRPT TURON

Natijada korxonada ichimliklar uchun alohida banka qopqoqlarini markirovkalash zonasi tashkil etildi. Ushbu uskuna soatiga 80 ming tagacha belgi qo‘yish quvvatiga ega.

O‘zbekistondan tashqari, kompaniya ishlanmalari Rossiya korxonalarida ham qo‘llanilmoqda. Ammo mamlakatda bunday lazerli markirovkalash texnologiyasi hozircha faqat EURASIA BOTTLERS tomonidan ishlatilmoqda.

O‘zbekistonda raqamli markirovkalash tizimini yaratish, joriy etish va rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lgan CRPT TURON tashkiloti ichimliklarni lazerli markirovkalash texnologiyasi orqali belgilashning afzalliklariga alohida e’tibor qaratishni tavsiya etadi. Mazkur talab o‘tgan yilning 1-avgustidan boshlab majburiy tartibda kuchga kirgan bo‘lsa-da, texnologiyani amaliyotga joriy etish jarayoni boshqa tovar guruhlariga nisbatan murakkabroq kechdi.

«Bu holat mahsulotning form-faktorlari bilan bog‘liq bo‘lib, ishlab chiqaruvchilardan moslashishni hamda markirovkalashning eng maqbul usulini tanlashni talab qildi», — deya ta’kidladi CRPT TURON’ning «Suv va salqin ichimliklar» tovar guruhi menejeri Dilso‘z Akrobjonova.

Uning qo‘shimcha qilishicha, 2025-yilning birinchi choragida alyuminiy idishlardagi 130 milliondan ortiq mahsulot raqamli belgi bilan markirovka qilingan. CRPT TURON bu ko‘rsatkichni mahalliy suv va salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchilari keng ko‘lamli markirovkalash jarayoniga tayyor ekanligining yaqqol dalili sifatida baholamoqda.

Shuningdek, tashkilot vakili 2025-yil 1-maydan boshlab O‘zbekistonda elektron hisobvaraq-fakturalarda markirovka kodlarini ko‘rsatish talabi kuchga kirishini eslatdi. Mazkur yangiliklar bozorning shaffofligini oshirishi, shu bilan birga, iste’molchilarni qalbaki mahsulotlardan himoya qilishda muhim rol o‘ynashi kutilmoqda.

Shuningdek