
DXX chegara qo‘shinlari va bojxona xodimlari 1986-yilda tug‘ilgan Tojikiston fuqarosini davlat chegarasini qonunga xilof buzgan vaqtida ushladi. Fuqaroga tegishli sumkadan 14,584 kg gashish topildi, deya xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatida yashovchi 1969-yilda tug‘ilgan shaxs Bekobodda narkotik modda olgan paytida, 1992-yilda tug‘ilgan boshqa shaxs esa 9,467 kg opiy moddasini sotganida qo‘lga olindi.
Surxondaryo viloyatida ham shunday holat qayd etildi. Narkotik moddani qabul qilgan va Toshkent viloyatiga olib kelgan denovlik 1994-yilda tug‘ilgan shaxs qo‘lga olindi.
Yana bir holat Qo‘qonda ro‘y berdi. Unda 1967-yilda tug‘ilgan fuqaroning belidan 1,759 kg gashish, Farg‘onada 1995-yilda tug‘ilgan haydovchining avtomashinadan 995 gr gashish moddasi aniqlandi.
Jami 26,805 kg giyohvandlik moddalari Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelinishiga to‘sqinlik qilindi. Hozirda jinoyat ishlari bo‘yicha tergov davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham giyohvandlik moddalari savdosiga qarshi ommaviy reydlar oʻtkazilgan edi.