
Prezident farmoniga asosan, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internat faoliyati 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, maktab bitiruvchilariga shahodatnoma bilan birga xalqaro ta’lim dasturi diplomi – International Baccalaureate beriladi. Ushbu diplom yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda qo‘shimcha imtiyozlar yaratadi.
Ta’lim jarayonida o‘quvchilar bilan individual ish tizimi joriy etiladi. Bunda 1 nafar maslahatchi va pedagogga to‘g‘ri keladigan o‘quvchilar soni tegishli normativlar asosida 1:15 va 1:8 nisbatida belgilanadi. Shuningdek, maktabda variativ o‘quv rejalariga muvofiq ta’lim beriladi va o‘quvchilarga ingliz tilidan tashqari kamida yana bitta xorijiy til o‘qitiladi.
Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan o‘qitiladigan o‘quvchilar soni 180 nafardan oshmaydi. O‘quvchilarga ilmiy-tadqiqot, innovatsion startap hamda boshqa ijtimoiy loyihalar bo‘yicha portfel shakllantirish imkoniyati taqdim etiladi.
Shuningdek, «Prezident iqtidorli farzandlari» milliy dasturining amalga oshirilishi doirasida Al-Beruniy nomidagi maktab-internatning 10-sinf o‘quvchilari hamda milliy dastur ishtirokchilari orasidan eng yaxshi natijalarga erishgan 40 nafar o‘quvchi yiliga bir marotaba dunyoning nufuzli oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan tashkil etiladigan qisqa muddatli o‘quv dasturlarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Al-Xorazmiy nomidagi yangi universitet tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.