Yangiliklar

«Prezident iqtidorli farzandlari» loyihasi yo‘lga qo‘yiladi

Bu bo‘yicha milliy dastur ishlab chiqiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

«Prezident iqtidorli farzandlari» tashabbusini amalga oshirish bo‘yicha milliy dastur amalga oshiriladi. Bu haqda prezident farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan iqtidorli yoshlarni erta aniqlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali inson kapitalini rivojlantirish hamda yoshlar bilan manzilli ishlash asosida global mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash ko‘zda tutilmoqda.

Shu munosabat bilan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internat tashkil etiladi. Bundan tashqari, Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamjamiyati faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, milliy dastur doirasida «Yorqin iste’dod» loyihasi bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Loyihada har yili xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qish salohiyatiga ega bo‘lgan 1,5 ming nafargacha 9-sinf bitiruvchisi imtihon orqali saralab olinadi.

Saralangan o‘quvchilar agentlik tizimidagi maktablarning maslahatchilariga biriktiriladi. 10–11-sinflarda maxsus platforma orqali ular uchun qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Al-Xorazmiy nomidagi yangi universitet tashkil etilishi haqida yozgandi.