Sport

«Tottenhem» «Manchester Yunayted»ni mag‘lub etib, Yevropa Ligasida g‘alaba qozondi

Hisob 1:0
«Tottenhem» «Manchester Yunayted»ni mag‘lub etib, Yevropa Ligasida g‘alaba qozondi / Foto: Yevropa Ligasi rasmiy sayti

2024/25-yilgi mavsum Yevropa ligasi finali Ispaniyaning Bilbao shahridagi «San-Mames» stadionida yakunlandi. Unda Londonning «Tottenhem» jamoasi «Manchester Yunayted» ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, o‘z tarixidagi uchinchi yevrokubokni qo‘lga kiritdi.

Uchrashuvning yagona goli 42-daqiqada kiritildi. Pape Sarr chap qanotdan uzatma amalga oshirdi, Brennan Jonson birinchi urinishda to‘pga tegmadi, biroq Luk Shoudan rikoshetdan so‘ng to‘pni darvozaga yo‘llay oldi. Bu gol final o‘yinida hal qiluvchi bo‘ldi.

Foto: Yevropa Ligasi rasmiy sayti

Ikkinchi bo‘lim davomida «Manchester Yunayted» ustunlikka ega bo‘ldi. Jamoa bosh murabbiyi Amorim bir necha hujumkor almashtirishlarni amalga oshirdi – maydonga Garnacho, Hyoylunn va Dalot tushirildi. Ayniqsa, Garnacho faol harakat qildi – u 75-daqiqada jarima maydonchasining chap tomonidan kuchli zarba yo‘lladi, biroq «Tottenxem» darvozaboni Vikario uni qaytara oldi.

Eng muhim lahzalardan biri 69-daqiqada yuz berdi – darvozabon Vikario chiqishda xatoga yo‘l qo‘ygan paytda Hyoylunn bo‘sh darvozaga zarba berdi, ammo Mikki van de Ven to‘pni darvoza chizig‘idan chiqarib yubordi.

Foto: Yevropa ligasi rasmiy sayti

Londonliklar oxirgi daqiqalarda raqibning kuchli bosimiga, ketma-ket burchak to‘plariga qaramay, himoyada mustahkam turishdi. Himoyachilar – Romero, Porro va Udogi ishonchli o‘yin ko‘rsatdi, Son Xyon Min esa almashtirilgach to‘pni raqibdan uzoqda ushlab turishda jamoasiga yordam berdi.

Foto: Yevropa ligasi rasmiy sayti

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Manchester Yunayted» «Old Trafford»da «Atletik»ni mag‘lub etgani haqida yozgandi.