
Davlat statistika qo‘mitasi axborotiga ko‘ra, 2025-yil yanvar – aprel oylarida mamlakat tashqi savdo hajmi $24,6 mlrdni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $3,4 mlnga yoki 16,3 foizga ko‘paygan.
Ushbu davr mobaynida eksport hajmi $11,8 mlrd, import esa $12,7 mlrdni tashkil etdi. Importning eksportdan yuqori bo‘lishi natijasida tashqi savdo balansida $846,3 mlnlik salbiy farq (manfiy saldo) yuzaga keldi.
Tahlillarga ko‘ra, eksport tuzilmasida sanoat mahsulotlari (10,1%), oziq-ovqat va tirik hayvonlar (5,6%) yetakchi o‘rinni egallagan. Import tarkibida esa asosan mashinalar va transport vositalari (33,9%), sanoat tovarlari (16,3%) ustunlik qilgan.
Eksportda oltin $5 mlrd 481,2 mlnlik hajm bilan yetakchilik qilgan bo‘lib, umumiy eksportning 46,1 foizini tashkil etdi. Shuningdek, xizmatlar eksporti ham o‘sish sur’atini saqlab, $2,5 mlrdga yetgan.
Asosiy savdo sheriklari sifatida Xitoy (17,0%), Rossiya (15,1%), Qozog‘iston (5,7%) va Turkiya (3,4%) ko‘rsatilgan.
Hududlar kesimida eng katta tashqi savdo aylanmasi Toshkent shahrida qayd etilib, mamlakat umumiy savdosining 41,1 foiziga to‘g‘ri kelgan. Undan keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati (32,7%), Toshkent viloyati (7,4%) va Andijon viloyati (5,0%) qayd etilgan. Eng kam tashqi savdo aylanmasi esa Qoraqalpog’iston Respublikasi, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida kuzatilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan tashqi savdo shartnomalari endi faqat «E-kontrakt» orqali yuritilishi haqida yozgandi.